Fransiya YeI va Britaniyani Falastinni tan olishga undayapti
Olam
−
28 may 2259 2 daqiqa
Fransiya kelasi oy Birlashgan Millatlar Tashkiloti anjumanida Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Belgiya kabi Yevropa davlatlarini Falastin davlatini birgalikda tan olishga chaqirmoqda. Bu haqda “Politico” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Parij G‘azo sektorida davom etayotgan harbiy harakatlarni to‘xtatishga bosim kuchayayotgan bir paytda Falastin davlatini tan olish yo‘lida qator harakatlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ushbu anjumandan Isroil va Falastin o‘rtasida tinchlik muzokaralarini qayta boshlash uchun foydalanmoqchi. Unga ko‘ra, bir nechta Yevropa davlatlarining Falastin davlatini rasmiy tan olishi va ayrim Yaqin Sharq davlatlarining Isroilni tan olishi bu jarayonda muhim qadam bo‘ladi.
“Ikki davlatli yechim har qachongidan ham zarur, biroq urush, falastinliklarning majburiy ko‘chirilishi va ekstremistik yahudiy ko‘chmanchilarning zo‘ravonligi tufayli u har qachongidan ko‘ra ko‘proq izdan chiqmoqda”, degan anonimlik sharti bilan gapirgan fransuz diplomati.
Qayd etilishicha, Isroilning bombardimon kampaniyasi va 3 oylik blokadasi G‘azo sektorida fuqarolar uchun oziq-ovqat, suv va dori-darmon yetkazib berilishini keskin cheklab, gumanitar falokatni keltirib chiqargani bois Parij Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda o‘tkazayotgan anjumandan kutgan natijalarini pasaytirishga majbur bo‘lgan.
“Arab davlatlari davlat tan olinishini emas, sanksiyalarni istayapti”, degan bir yevropalik diplomat.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning matbuot kotibi o‘tgan hafta mamlakat Falastin davlatchiligini shakllantirishga asos yaratishda imkon qadar yordam berish uchun ittifoqchilar va mintaqa davlatlari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini aytgandi.
Agar bu amalga oshsa, Fransiya va Buyuk Britaniya Falastin davlatini tan olgan birinchi G7 davlatlari bo‘ladi. Bu esa falastinliklar tomonidan o‘nlab yillardan beri talab qilinayotgan masala.
Isroil esa Fransiyaning diplomatik harakatlarini doimiy ravishda tanqid qilib kelmoqda. Xususan, ularni HAMAS guruhini qonuniylashtirish va 2023 yil oktyabr oyidagi harakati uchun mukofotlash deb baholamoqda. Shuningdek, Tel-Aviv Parij va Londonning Falastinni tan olishini ham xuddi shunday baholashi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, hozirda BMTning 140 dan ortiq a’zosi Falastin davlatini tan olgan, o‘tgan yili Ispaniya, Irlandiya va Norvegiya ham bu ro‘yxatga qo‘shilgan. Shu bilan birga, ko‘plab Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq davlatlari Isroilni tan olmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoni va Fransiya joriy yilning iyun oyida Isroil ishtirokisiz BMT homiyligida Nyu-Yorkda Falastin davlatini tan olish bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazishi ma’lum qilingandi. BMT a’zo davlatlariga yuborilgan taklifnomalarda anjuman “qaytib bo‘lmas nuqtaga aylanishi, bosqinni tugatish va ikki davlatli yechim asosida doimiy kelishuvni ilgari surish uchun yo‘l ochish” maqsadida tashkil etilishi ta’kidlangan.
Jaloliddin Rahmonov
Live
Barchasi