Fransiya va AQSH Livanda 21 kunlik sulh ustida ishlayapti
Olam
−
26 Sentabr
1697Amerika Qo‘shma Shtatlari va Fransiya Isroil va Livan o‘rtasida shoshilinch 21 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha qo‘shma chaqiruv e’lon qildi. Bu haqda Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barrot BMT Xavfsizlik Kengashining Fransiya iltimosiga ko‘ra tashkil etilgan, Livandagi vaziyatga bag‘ishlangan favqulodda yig‘ilishida so‘z ochdi.
“Urush muqarrar emas. Diplomatik yechim mumkin”, dedi Barrot.
Vazirning aytishicha, Parij amerikalik hamkorlari bilan birgalikda Livanda vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini o‘rnatish ustida ishlamoqda. U kelishuv tafsilotlari tez orada ommaga e’lon qilinishini aytdi va har ikki tomonni ham uni kechiktirmasdan qabul qilishga chaqirdi. Barro, shuningdek, mahalliy yetakchilar bilan muzokaralar o‘tkazish uchun shu hafta oxirida Bayrutga borishni rejalashtirayotganini aytdi.
Qo‘shma Shtatlar va Fransiya, va boshqa sakkiz davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda, zo‘ravonlik kuchayishini to‘xtatish va diplomatiyaga yo‘l ochish uchun Isroil va Livan o‘rtasida shoshilinch 21 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha qo‘shma chaqiruv e’lon qildi.
Oq uy bayonotida aytilishicha, AQSH va Fransiyaning Isroil-Livan chegarasida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirishiga Yevropa Ittifoqi, Avstraliya, Kanada, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari rozi bo‘lgan. Qo‘shma bayonotda 2023 yil 8 oktabrdan beri Livan va Isroil o‘rtasida davom etayotgan vaziyatni qabul qilib bo‘lmasligi va mintaqaviy taranglikning kuchayishi xavfi borligi, bu na Isroil, na Livan xalqi manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligi ta’kidlanadi. Bayonotda, shuningdek, har ikki tomondan tinch aholining uylariga qaytishiga imkon beruvchi diplomatik kelishuv vaqti kelganiga ishora qilinadi.
“Kuchli vaziyatda diplomatiya muvaffaqiyat qozona olmaydi. Shuning uchun biz diplomatiyaga yo‘l ochish uchun Isroil-Livan chegarasida 21 kunlik zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.
Bayonotda Isroil va Livan ma’muriyatlarini BMT Xavfsizlik Kengashining 1701-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq ushbu vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishni qo‘llab-quvvatlashga chaqiriladi.
“The New York Times”ning rasmiylarga tayanib xabar berishicha, Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilarining Isroil va Livan chegarasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifi “yaqin soatlarda” qabul qilinishi mumkin. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, Isroil va Livan yaqin orada o‘t ochishni to‘xtatishga olib kelishi mumkin bo‘lgan muzokaralarni qo‘llab-quvvatlayotgani alomatlari bor.
Rasmiylardan biri diplomatlar har ikki davlat bilan muzokaralar o‘tkazganini ta’kidladi va ularning hukumatlari vakillari “yaqin soatlarda” taklifni qabul qilishiga umid bildirdi.
“Hizbulloh”dan taklifni qabul qilish rasman talab qilinmaydi. Ammo ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan rasmiylarning aytishicha, agar Livan o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, uning hukumati “Hizbulloh” 21 kun davomida unga amal qilishini ta’minlashi kerak.
Isroil va “Hizbulloh” yangi bosqichi Livanda 17 va 18 sentyabr kunlari bir qator aloqa qurilmalari portlashidan so‘ng boshlandi. Livan harakati portlashlarni uyushtirganlikda Isroilni aybladi, uning rasmiylari voqea haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri izoh bermadi, biroq shimoliy yo‘nalishda harbiy amaliyotlar faollashganini e’lon qildi.
Shundan so‘ng Isroil harbiy-havo kuchlari Livan janubidagi chegara hududlariga katta zarbalar berishni boshladi va 20 sentyabr kuni Bayrutga hujum qilib, u yerdagi “Hizbulloh” harbiy qanotining 16 nafar qo‘mondoni yo‘q qilindi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil mudofaa kuchlari Livanning “Hizbulloh” guruhiga qarshi quruqlikdagi operatsiyani tayyorlayotgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi