Fransiya urush iqtisodiyoti davriga kirdi – Makron
Olam
−
13 iyun 2022
9228Fransiya Prezidenti Emmanyuel Makron Ukrainadagi vaziyat tufayli respublika urush iqtisodiyoti davriga kirganini ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari Mudofaa vazirligidan 2019-2025 yillarga mo‘ljallangan harbiy dasturlar to‘g‘risidagi qonunni qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan.
“Men vazir va Qurolli Kuchlar Bosh shtab boshlig‘idan yaqin haftalarda geosiyosiy o‘zgarishlardan kelib chiqqan holda harbiy dasturlar to‘g‘risidagi qonunni qayta ko‘rib chiqishni so‘radim”, degan Makron Eurosatory-2022 xalqaro qurol-yarog‘ sanoati ko‘rgazmasi ochilishida so‘zlagan nutqida.
Ushbu hujjat Fransiya Qurolli Kuchlarni ta’minlash uchun ajratadigan ko‘p yillik xarajatlar dasturini yaratishga qaratilgan.
Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yildan 2025 yilgacha Fransiya qurollarini modernizatsiya qilish dasturini moliyalashtirish uchun 295 milliard yevro ajratish rejalashtirilgan.
Makron shu hafta Ruminiyaga tashrifi chog‘ida Ukraina mojarosi boshlanganidan beri u yerda joylashgan fransuz qo‘shinlari bilan uchrashadi. Fransiya matbuotiga ko‘ra, Ruminiyada 500 ga yaqin fransuz askari joylashgan.
Eurosatory — 1967 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan quruqlikdagi kuchlarning qurol-yarog‘ va harbiy texnikasining Yevropadagi eng yirik ko‘rgazmasi. Navbatdagi ko‘rgazma joriy yilnin 13-17 iyun kunlari Parijda bo‘lib o‘tadi. Ekspozitsiyada qurol-yarog‘ sohasida 1,8 ming mutaxassis ishtirok etmoqda.