Fransiya terma jamoasi JCH finali oldidan gripp “qurbon”i bo‘lishi mumkin
Sport
−
17 dekabr 2022
12247Fransiyaning bir qancha futbolchilari, jumladan, himoyachilar Rafael Varan va Ibraim Konate shamollash tufayli Argentinaga qarshi jahon chempionatining so‘nggi o‘yini oldidan mashg‘ulotlarni o‘tkazib yubordi va jamoadan ajratildi. Bu haqda “Reuters” Fransiya futbol federatsiyasi ma’lumotiga tayanib xabar berdi.
Avvalroq, shamollash tufayli Marokash termasi bilan yarim final (2:0) o‘yinini fransiyalik futbolchilar Adriyen Rabo va Dayo Upamekano o‘tkazib yuborgandi.
“Jamoada gripp tarqalmoqda, ammo, hozircha jiddiy holatlar yo‘q. Kasal bo‘lganlar tez orada tuzalib, finalga tayyor bo‘ladi”, deydi Fransiya terma jamoasi hujumchisi Randal Kolo-Muani.
Yarim himoyachi Aureliyen Chuameni va himoyachi Teo Ernandes ham juma kungi mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborgani xabar qilingan. Chuamenining son qismi, Ernandesning esa tizzasida jarohat bor.