Fransiya tarkibida yangi davlat tashkil etiladi

Olam

image

Fransiya tarkibida Yangi Kaledoniya davlati tashkil etilishi bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu haqda muzokaralarda qatnashgan taraflarga tayanib, “Politico” xabar berdi.

Kelishuvga ko‘ra, Yangi Kaledoniyaga Fransiyaga qisman bog‘liq bo‘lgan yangi davlat maqomi beriladi. Aholi alohida fuqarolik oladi va shu sababli ikki pasportga ega bo‘lishi mumkin. Shuningdek, davlatga xalqaro aloqalarda mustaqil siyosat yuritish vakolati berilishi ham rejalashtirilgan.

Biroq hujjat kuchga kirishi uchun avvalo Fransiya parlamenti uni tasdiqlashi kerak bo‘ladi, undan so‘ng esa Yangi Kaledoniyada referendum o‘tkaziladi.

Nashrning yozishicha, muzokaralarda qatnashgan siyosiy kuchlarning bir qismi to‘liq mustaqillik tarafdori bo‘lgan, boshqalari esa bunga qarshi chiqqan. Yakunda ular murosa sifatida avtonomiya maqomiga kelishib olgan.

Ma’lumot uchun, Yangi Kaledoniya 1853 yildan beri Fransiya hududi hisoblanadi. 1957 yilda mahalliy kanak xalqi Fransuz fuqaroligini olgan. 2018–2021 yillarda o‘tkazilgan uchta referendumda aksariyat aholi Fransiyaning bir qismi bo‘lib qolishni tanlagan. Biroq so‘nggi ovoz berish mahalliy aholining avlodlari tomonidan boykot qilingan.

2024 yil may oyida Yangi Kaledoniyada yangi saylov qonuni loyihasi tufayli norozilik namoyishlari boshlangan. Loyiha orolda yashayotgan fransuzlarning saylov huquqlarini kengaytirishni nazarda tutgan. Qarshilar bu holat mahalliy aholining siyosiy ta’sirini kamaytirishini aytib chiqqan. Namoyishlar tartibsizliklar, talon-torojlar va politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketgan. Bir necha kishi halok bo‘lgan, 300 dan ortiq odam jarohat olgan. Fransiya hukumati harbiy kuchlarni jalb etgan, favqulodda holat e’lon qilingan. Qolaversa, Prezident Makron shaxsan orolga tashrif buyurgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Yangi Kaledoniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing