Fransiya tarixidagi eng issiq uch kunni boshdan kechirdi

Olam

image

1947 yildan buyon yuritib kelinayotgan meteorologik kuzatuvlar tarixida Fransiyada 23, 24 va 25 iyun kunlari eng issiq uch kun sifatida qayd etildi. Bu haqda BFMTV telekanali xabar berdi.

Bugun, 26 iyun kuni mamlakat bo‘yicha o‘rtacha harorat 30 darajani tashkil etib, bir kun avval o‘rnatilgan rekordni takrorladi. Shu tariqa, seshanba, chorshanba va payshanba kunlari 2019 yilda qayd etilgan avvalgi eng issiq uch kunlik rekordni yangiladi.

Mamlakatning ayrim hududlarida havo harorati 43 darajadan oshdi. Xususan, Men va Luara hamda Land departamentlarida havo 43,2 darajagacha, Sher departamentida 42,4 darajagacha, Ivelin departamentida esa 42,2 darajagacha ko‘tarildi.

Anomal issiqlik sababli 25 iyun kuni Fransiyaning 96 departamentidan 72 tasida eng yuqori — qizil darajadagi ob-havo xavfi e’lon qilindi. Bugun, 26 iyun kuni ham 61 departamentda qizil, yana 25 departamentda esa to‘q sariq xavf darajasi saqlanib qoladi.

Fransiya Milliy ta’lim vaziri Eduar Jyoffrening ma’lum qilishicha, kuchli issiq tufayli 3,5 mingga yaqin maktab to‘liq yopilgan, yana qariyb 10 ming ta’lim muassasasida dars jadvali o‘zgartirilgan yoki mashg‘ulotlar salqinroq xonalarga ko‘chirilgan.

Shuningdek, mamlakatning qator hududlarida yong‘in xavfi juda yuqori ekani haqida ogohlantirish berilgan.

Parij politsiyasi prefekti Patris For bugun, 26 iyun kuni soat 18:00 dan boshlab poytaxtda alkogolli ichimliklar savdosining taqiqlanishini, ularni jamoat joylarida iste’mol qilish esa tush paytidan boshlab man etilishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, ekstremal issiq sharoitida spirtli ichimliklar tez tibbiy yordam va qutqaruv xizmatlariga qo‘shimcha yuklama yuklaydi.

Anomal issiqlik Yevropaning boshqa davlatlariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Buyuk Britaniyada iyun oyi uchun yangi harorat rekordi o‘rnatilib, havo 35,7 darajagacha isidi. London va Angliyaning janubi-sharqiy qismida juma oqshomigacha qizil xavf darajasi saqlanib qoladi.

Shveysariyaning shimoli-g‘arbidagi Bazel shahrida havo harorati 38 darajaga yetdi. Bu iyun oyi uchun qariyb 80 yildan buyon saqlanib kelgan rekordning yangilanishi bo‘ldi.

Niderlandiya Meteorologiya instituti ham o‘z tarixida ilk bor ekstremal issiqlik bo‘yicha qizil ogohlantirish e’lon qildi. U juma kuni mamlakatning katta qismida amal qiladi. Ayrim hududlarda havo harorati 40 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Qizil xavf darajasi Niderlandiyaning 12 provinsiyasidan 8 tasida joriy etilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing