Fransiya sudi Bashar Asadni hibsga olishga order berdi
Olam
−
03 Sentabr 2669 1 daqiqa
Fransiya sudi Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadni hibsga olish to‘g‘risida order chiqardi. Bu haqda kecha, 2 sentyabr kuni “France 24” xabar berdi.
Order amerikalik 56 yoshli jurnalist – Britaniyaning “The Sunday Times” gazetasida ishlagan Mari Kolvin va 28 yoshli fransuz fotografi Remi Oshlikning o‘limi bilan bog‘liq ish doirasida berilgan. Ular 2012 yilda Homs shahrining hukumat qo‘shinlari tomonidan bombardimon qilinishi oqibatida halok bo‘lgan. Fransiya hukumati ularning o‘limini insoniyatga qarshi jinoyat va harbiy jinoyat sifatida tergov qilmoqda.
Orderlar Bashar Asaddan tashqari uning ukasi, Suriya 4-tank diviziyasi sobiq qo‘mondoni Mohir Asad, razvedka boshlig‘i Ali Mamlyuk va armiya shtabi sobiq boshlig‘i Ali Ayyubga ham taalluqli.
Ma’lumot uchun, 2023 yil noyabrida ham Fransiya sudi Asadga 2013 yilda Suriyada sodir etilgan kimyoviy hujumlarni tashkil etganlikda ayblov qo‘yib, uni hibsga olish to‘g‘risida order bergan. Biroq joriy yilning iyulida Fransiyaning Oliy kassatsiya sudi bu orderni bekor qilgan va Asad ayblanayotgan paytda prezidentlik immunitetiga ega bo‘lganini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, Asad Suriyani 20 yildan ortiq boshqardi. 2024 yil dekabrida uning rejimi ag‘darildi, sobiq prezident esa Rossiyaga qochib o‘tdi. Kreml rasmiy ravishda unga “gumanitar maqsadda” siyosiy boshpana berganini tasdiqladi.
Live
Barchasi