Fransiya sobiq prezidentiga 7 yillik qamoq so‘raldi
Olam
−
28 mart
2627Fransiya prokuraturasi respublikaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozini 2007 yilgi saylovoldi kampaniyasini Liviyadan moliyalashtirgani bo‘yicha yetti yillik qamoq jazosiga hukm qilishni talab qilmoqda. Bu haqda BFMTV xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2007-2012 yillarda davlat rahbari bo‘lgan 70 yoshli Sarkozi 300 ming yevro miqdoridagi jarimaga ham tortilishi mumkin. Sobiq prezidentning himoyasi barcha ayblovlarni rad etgan.
Sarkozining so‘zlariga ko‘ra, u “haqiqat qaror topishi uchun kurashishda davom etadi va sudning adolatiga ishonadi”. U ayblovlarni yolg‘on deb atagan va o‘zining aybsizligini isbotlamoqchi ekanini ta’kidlagan.
Sarkozi kampaniyani moliyalashtirishdagi qoidabuzarliklar haqida birinchi marta 2011 yil mart oyi boshida Liviyaning marhum yetakchisi Muammar Kaddafiyning o‘g‘li Saif al-Islom Kaddafiy tomonidan e’lon qilingan. “Euronews” telekanaliga bergan intervyusida u Sarkozi Liviya rasmiylaridan moliyaviy yordam olganini aytib o‘tgan.
“Mediapart” jurnalistik surishtiruv agentligi 2012 yilda Sarkozi Kaddafiydan saylov ehtiyojlari uchun 50 million yevro olgani haqida bir qator materiallarni e’lon qilgan. Vositachi ekani aytiladigan Ziyod Taqiaddin esa dastlab Liviya rahbari fransuz siyosatchisiga nafaqat saylov kampaniyasi, balki boshqa maqsadlar uchun ham pul o‘tkazganini da’vo qilgan. Keyinchalik Taqiaddin kutilmaganda ko‘rsatmalarini o‘zgartirib, so‘zlaridan qaytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkoziga elektron bilaguzuk o‘rnatilgandi.
LiveBarchasi