Fransiya Prezidentiga tarsaki tushirgan erkak qamaldi
Olam
−
11 iyun 2021
7086Olomon ichida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning yuzasiga tarsaki tushirgan erkak to‘rt oy qamoq jazosiga hukm qilindi. Sud qaroriga ko‘ra, u darhol jazoni o‘tashni boshlaydi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Umumiy hisobda esa Damene Tarele 18 oy ozodlikdan mahrum qilindi, bundan 14 oyi shartli muddat hisoblanadi. Bundan tashqari, sud erkakni 3 yil muddatga fuqarolik huquqlaridan mahrum qildi.
Shu bilan birga Prezidentga hujum qilgan shaxs 5 yil davomida qurolga egalik qilish huquqidan mahrum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 8 iyun kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakat bo‘ylab safar qilayotganda Drom departamentining Ten-LʼErmitaj kommunasida noma’lum erkak unga tarsaki tushirgandi.
Ushbu holat Fransiya Prezidentiga uyushtirilgan ilk hujum emas. 2011 yilda Fransiya Prezidenti Nikolya Sarkozi olomonga yaqin bo‘lgan temir panjara bo‘ylab yurib ketayotganda odamlardan biri davlat rahbarining yoqasidan ushlab olgan. O‘shanda Prezidentga tashlangan kishi shartli ravishda 6 oyga qamalgandi.
LiveBarchasi