Fransiya Prezidenti yangi Bosh vazirni tanishtirdi
Olam
−
03 iyul 2020
4370Avvalroq, Fransiya Bosh vaziri Eduar Filipp iste’foga chiqqani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 3 iyul kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Beshinchi respublikaning Bosh vaziri etib Jan Kasteksni tayinladi. Bu haqda Yelisey saroyi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
"Respublika Prezidenti Jan Kasteksni Bosh vazir etib tayinladi va unga hukumat tuzishni buyurdi", deyiladi xabarda.
Jan Kasteks (Jean Castex) 1965 yil 25 iyunda Vik-Fezansak shahrida tug‘ilgan (Jer departamenti, Fransiya). Uning bobosi Mark Kastex Vik-Fezansak shahri meri (1971-1989) va senatori (1980-1989) bo‘lgan.
Yangi Bosh vazir 2005-2006 yillarda Fransiya Sog‘liqni saqlash va birdamlik vazirligining shifoxonaga yotqizish va yordamni tashkil etish (DHOS) departamenti direktori bo‘lgan.
2006-2008 yillarda u sog‘liqni saqlash vaziri, keyin esa Mehnat vaziri bo‘lib ishlagan Ksave Bertrandning idoralarini boshqargan.
2008 yilda u Prad shahri (Fransiya janubida) meri etib saylandi. U ushbu lavozimga 2014 va 2020 yillarda qayta saylangan.
2019 yil aprel oyida u Milliy sport agentligini boshqargan.
2020 yil aprel oyida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron unga mamlakatni koronavirusning tarqalishi bilan bog‘liq karantindan chiqish jarayonini boshqarishni buyurgan edi.