Fransiya Prezidenti 24 yildan so‘ng ilk davlat tashrifi bilan Germaniyaga bordi

Olam

image

Kecha, 26 may kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron uch kunlik davlat tashrifi bilan Germaniyaga bordi. Bu Fransiya Prezidentining Germaniyaga so‘nggi 24 yildagi ilk davlat tashrifidir. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Tashrifning birinchi kunida Makron ikki davlat Yevropa uchun “hal qiluvchi” bir paytda sheriklikni yanada mustahkamlashi kerakligini aytdi.

“Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan bosqinchilik urushi, global iqlim o‘zgarishi va sun’iy intellektni rivojlantirish kabi muammolar Fransiya-Germaniyaning birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab qiladi”, deydi u.

Shu bilan birga, Makron ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yomonlasha boshlagani haqidagi da’volarni rad etdi.

"Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Biz oldinga intilamiz", degan Fransiya rahbari Berlinda Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida.

O‘z navbatida, Shtaynmayer Parij va Berlinning ba’zi masalalar bo‘yicha qarashlari turlicha bo‘lsa-da, ular doim yakunda bir qarorga kelishishini urg‘uladi.

“Agar Germaniya va Fransiya o‘rtasida kelishuv bo‘lsa, Yevropa hali ham ko‘p narsaga erisha oladi”, deydi Germaniya Prezidenti.

Berlindagi matbuot anjumanida Makron Rossiya agressiyasiga qarshi bo‘lgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni susaytirishdan ogohlantirdi.

"Bugun tinchlik tarafida turish – qonunga kuch berish demakdir. Tinchlik – taslim bo‘lish emas. Tinchlik – bu tamoyillardan voz kechish emas. Tinchlik mamlakatga o‘z chegaralari va suverenitetini himoya qilish imkonini beradi", deydi Makron.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 28 may kuni bo‘lib o‘tadigan ikki tomonlama Mudofaa va xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Germaniya va Fransiya Ukrainani zarur bo‘lgan vaqtgacha, jumladan, Kiyevni o‘zini himoya qilish uchun qurol-yarog‘ bilan ta’minlash va ukrainaliklarni o‘qitish orqali qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini tasdiqlaydi.

Shtaynmayer ham Ukrainaga yordam to‘xtamasligi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, Emmanuel Makron Yevropa siyosatida o‘ng radikalizm kuchayishidan ogohlantirdi. U o‘ta o‘ngchi partiyalar Yevropa parlamentiga bo‘lajak saylovlarda sezilarli qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi so‘rov ma’lumotlariga iqtibos keltirdi. Fransiya Prezidenti, agar so‘nggi yillarda Yevropada o‘ta o‘nglar hokimiyat tepasida bo‘lganida, "tarix boshqacha bo‘lardi", dedi va COVID-19 pandemiyasi va Ukrainadagi urush kabi inqirozlarga ishora qildi. O‘z navbatida, Frank-Valyter Shtaynmayer Yevropada "demokratlar ittifoqi"ni yaratish zarurligiga ishora qildi.

Berlinda Fransiya Prezidenti Germaniyaning asosiy qonuni qabul qilinganining 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etdi.

"Demokratiya bayramida ishtirok etgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘lish men uchun sharafdir" deb yozdi Makron X ijtimoiy tarmog‘ida.

Yuqorida aytganimizdek, bu Fransiya Prezidentining Germaniyaga so‘nggi 24 yildagi ilk davlat tashrifidir. So‘nggi paytlarda Fransiya rahbarlari Germaniyaga faqat amaliy tashriflar bilan kelgan. Shtaynmayer idorasi Makron Germaniyaga tashrifining ikkinchi va uchinchi kunlarida Drezden va Myunsterga tashrif buyurishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Frantsiya Emmanuel' Makron Frank-Val'ter Shtaynmayer

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing