Fransiya qo‘shnisi bilan munosabati taranglashgan Hindistonga qiruvchi samolyot sotyapti

Olam

image
Turkiya Pokistonga harbiy samolyot jo‘natdi – OAV north_east

Turkiya Pokistonga harbiy samolyot jo‘natdi – OAV

Hindiston Mudofaa vaziri Rajnat Singx va uning fransuz mavqedoshi Sebasten Lekornyu Hindiston harbiy-havo kuchlariga 26 ta Fransiyaning Dassault Rafale qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda kecha, 28 aprel kuni Hindiston Mudofaa vazirligi o‘zining rasmiy saytida ma’lum qildi.

Qiymati 640 milliard rupiy (taxminan 6,58 milliard yevro) bo‘lgan shartnoma 22 ta Rafale-M jangovar samolyoti va to‘rtta Rafale-D o‘quv samolyotini yetkazib berishni o‘z ichiga oladi. Nyu-Dehli qiruvchini 2030 yilgacha qabul qilishi kutilmoqda. Shartnoma, shuningdek, Hindistonda Rafale fyuzelyajlarini ishlab chiqarish, jumladan, samolyot dvigatellari, datchiklari va qurollariga texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va kapital ta’mirlash bo‘yicha inshootlarni tashkil etishga imkon beradi.

Rafale-M – tashuvchiga asoslangan qiruvchi. Fransiya samolyoti 2022 yilda xizmatga kirishi kerak bo‘lgan yangi INS Vikrant aviatashuvchining havo qanotini tashkil qilishi kutilmoqda.

Mudofaa vazirligining bildirishicha, Hindistonda allaqachon 28 Rafale EH va 8 Rafale DH xizmat ko‘rsatmoqda va qiruvchi samolyotning “dengiz variantini” sotib olish “operativ imkoniyatlarni oshiradi, shuningdek, Hindiston harbiy-dengiz kuchlari va havo kuchlari uchun samolyotlarni tayyorlash va logistikasini optimallashtiradi”.

Hindiston fransuz qiruvchi samolyotlari bilan bir qatorda 2009 yildan beri Rossiyaning “Vikramaditya” aviatashuvchisi bazasida joylashgan MiG-29K/KUB samolyotlaridan foydalanmoqda. 2023 yil holatiga ko‘ra, mamlakatda 42 ta shunday qiruvchi bor edi, ammo ularning deyarli yarmi zaxirada.

“Ayni paytda aviatashuvchidan uchishga mo‘ljallangan Rossiya samolyotlarining xizmat muddati tugayapti”, deb yozadi Hindistonning “Hindu” nashri.

Hindiston harbiy-dengiz kuchlari va havo kuchlari uchun qiruvchi samolyotlar parkini yangilash va kengaytirish masalasi 2018 yildan beri ochiqligicha qolmoqda – o‘shanda Nyu-Dehli 114 ta qiruvchi samolyot sotib olish rejasini e’lon qilgan, bu dunyodagi eng yirik ana shunday bitimlardan biri bo‘ladi.

Rossiya Hindistonga o‘z zavodlarida MiG-35 qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqarishni taklif qilib, ushbu tenderda asosiy da’vogarlardan biri edi.

Rossiya uchun Hindiston bilan bu boradagi hamkorlik yangilik emas – Nyu-Dehli ilgari harbiy samolyotlarining aksariyat qismini Moskvadan sotib olgan.

Biroq 2023 yilda Rossiya Birlashgan Aviatsiya Korporatsiyasi rahbari Yuriy Slyusar tender qoldirilganini e’lon qildi. Rossiya vakili hech qanday sabab keltirmadi, biroq 2025 yilda bir qancha davlatlar, jumladan, Donald Tramp boshchiligidagi AQSH Hindiston bilan ko‘p milliard dollarlik tenderda ishtirok etish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan edi.

Shu bilan birga, “Reuters” avvalroq Nyu-Dehli Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan keng ko‘lamli urushi va G‘arb davlatlari tomonidan kiritilgan tegishli sanksiyalar fonida Moskva bilan harbiy ta’minot sohasida hamkorlikni qisqartirishga harakat qilayotganini yozgan edi.

“Xuddi shunday holat Rossiya neftini Hindistonga yetkazib berishda ham kuzatilmoqda”, deb yozadi “Bloomberg”.

Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi

Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni Kashmir mintaqasining Hindiston hududidagi Paxalgam shahri yaqinidagi so‘qmoq bo‘ylab harakatlanayotgan sayyohlarga terrorchilar hujum qilgan edi. Oqibatda 26 nafar hindistonlik va 1 nafar Nepal fuqarosi halok bo‘ldi.

Shundan so‘ng Hindiston Pokistonga nisbatan qator choralar ko‘rilishini e’lon qildi. Xususan, quruqlikdagi yagona ochiq chegara punkti Attari yopilishini va Hind daryosining suvi to‘silishi bildirildi.

Bunga javoban Pokiston Hindiston uchun havo hududini yopib, Hind daryosi suvining to‘silishi urush e’lon qilish sifatida baholashini ma’lum qildi. Bu orada ikki davlat fuqarolarini SAARC vizasidan ozod qilish tizimi to‘xtatildi va ularga tez fursatda mamlakatlarni tark etish buyurildi.

25 aprelga o‘tar kechasi esa Hindiston va Pokiston harbiylari Jammu va Kashmirda joylashgan nazorat chizig‘i bo‘ylab bir-biriga qarata o‘t ochdi. Hozircha har ikki tomon yo‘qotishlar haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Halok bo‘lganlar yoki yaralanganlar bor-yo‘qligi noma’lum. Shunga qaramay, Dehli va Islomobod bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda ayblamoqda.

Mahalliy nashrlar esa Pokiston Hindistonning Hind daryosi oqimini to‘xtatishi yoki yo‘nalishini o‘zgartirishga urinishlarini urush harakati sifatida baholashi haqida rasman ogohlantirganiga qaramay mazkur daryo oqimi to‘liq to‘sib qo‘yganini xabar qilmoqda. Bu 1960 yilda imzolangan Hind daryosi suv resurslari bo‘yicha bitimdan buyon birinchi marta kuzatilmoqda. Mazkur shartnoma siyosiy kelishmovchiliklarga qaramasdan, tomonlarni suv resurslarini birgalikda bo‘lishishga majbur qilardi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Hindiston Dassault Rafale

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing