Fransiya nima uchun NATOdan chiqmoqchi?

Olam

image

Fransiya Milliy assambleyasi vitse-prezidenti hamda “La France Insoumise” partiyasi deputati Klemans Gete AQSH bilan kelishmovchiliklar sababli Fransiyani NATO tarkibidan chiqarishni nazarda tutuvchi rezolyutsiya tashabbuskori bo‘ldi. Bu haqda u “Berliner Zeitung” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning NATOdan chiqishi masalasi allaqachon Fransiyaning siyosiy pozitsiyasi bo‘lib kelgan, biroq bu masala ayniqsa AQSHning bosimi tufayli yana dolzarb ahamiyat kasb etgan. 

Gete o‘z fikrini tasdiqlash uchun bir necha misollarni keltirgan. Ular orasida Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroning o‘g‘irlanishi, Grenlandiyani “anneksiya” qilish tahdidlari ham bor. Bundan tashqari, u AQSHning NATO davlatlaridan mudofaa xarajatlarini YAIMning 5 foizigacha oshirishni talab qilayotganini ham alohida ta’kidlab o‘tgan.

Getening fikricha, AQSH rasman xalqaro huquq va jamoaviy xavfsizlik mexanizmlariga tupurmoqda hamda amalda Yevropa Ittifoqiga vassal (qaram) maqomini yuklamoqda. 

Siyosatchining qo‘shimcha qilishicha, NATOdan chiqish Fransiyaga o‘z harbiy va diplomatik mustaqilligini tiklash imkonini bergan bo‘lardi.

Qayd etish joiz, 2025 yilning fevral oyida Fransiya poytaxtida mamlakatni Yevropa Ittifoqi va NATO tarkibidan chiqarish talab qilingan namoyish bo‘lib o‘tgandi. 

NATOdan chiqish masalasi AQSHning o‘zida ham muhokama qilinmoqda. 2025 yil dekabr oyi boshida Kentukki shtatidan saylangan AQSH Kongressi vakillar palatasi a’zosi, respublikachi Tomas Massi mamlakatni alyans tarkibidan chiqarish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etgan. 

Ma’lumot uchun, Fransiya va NATO o‘rtasidagi munosabatlar murakkab, lekin strategik hamkorlikka asoslangan. Fransiya 1949 yilda NATO asoschilaridan biri bo‘lgan, biroq 1966 yilda prezident Sharl de Goll qarori bilan alyansning birlashgan harbiy qo‘mondonligidan chiqqan, shu bilan birga NATOdan to‘liq chiqmagan. 2009 yilda Fransiya prezident Nikolya Sarkozi davrida alyansning harbiy tuzilmalariga to‘liq qaytdi. Hozirda Fransiya NATO doirasida eng yirik harbiy salohiyatga ega davlatlardan biri hisoblanadi: 2024 yilda mamlakat mudofaa xarajatlari 50 milliard yevrodan oshgan, bu YAIMning taxminan 2,1 foizini tashkil etadi. Fransiya NATO missiyalarida faol ishtirok etib, Sharqiy Yevropa, Boltiqbo‘yi va Qora dengiz mintaqalarida minglab harbiy xizmatchilarini joylashtirgan. Shu bilan birga, Parij alyans ichida strategik mustaqillik g‘oyasini ilgari suradi va Yevropa mudofaa salohiyatini kuchaytirishni NATOga muqobil emas, balki uni to‘ldiruvchi mexanizm sifatida ko‘radi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Frantsiya Klemans Gete

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing