Fransiya Marokashni mag‘lub etib, yarim finalga chiqdi
Sport
−
03:08 5782 1 daqiqa
Fransiya milliy terma jamoasi AQSHning Massachusets shtatidagi Foksboro shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati chorak final bahsida Marokashni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Natijada fransuzlar turnir yarim finaliga yo‘l oldi.
Marokashga qarshi bahsda Fransuzlar safida gollarga 60-daqiqada Kilian Mbappe va 66-daqiqada Usmon Dembele mualliflik qildi.
Ushbu g‘alaba orqali Fransiya terma jamoasi o‘z tarixida sakkizinchi marta Jahon chempionati yarim finaliga yo‘l oldi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Braziliya rekordini takrorladi. Bu bosqichga faqat Germaniya ko‘proq 12 marta yetib borgan. Shuningdek, fransuzlar ketma-ket uchinchi Jahon chempionatida ham yarim finalga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Avvalroq bunday natijaga faqat Braziliya va Germaniya terma jamoalari erishgan edi.
Fransiya ikki karra jahon chempioni (1998, 2018) hisoblanadi. Shuningdek, jamoa ikki marta kumush (2006, 2022) va ikki marta bronza (1958, 1986) medallarini qo‘lga kiritgan.Marokash esa so‘nggi, 2022 yilgi Jahon chempionatida to‘rtinchi o‘rinni egallab, mamlakat futboli tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etgan edi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Fransiya yarim finalga yo‘l oldi. Dide Desham shogirdlari endi10 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Ispaniya – Belgiya uchrashuvi g‘olibi bilan kuch sinashadi. Fransiya ishtirokidagi yarim final bahsi joriy yilning 14 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi