Fransiya mahsulotlarini hech qachon sotib olmang – Erdo‘g‘an

Olam

image

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an turk fuqarolarini fransuz mahsulotlarini sotib olmaslikka chaqirdi. Bu haqda u kecha, 26 oktyabr kuni Beshtepa milliy kongress va madaniyat markazida Diyonat ishlari vazirligi tomonidan tashkil etilgan marosimda gapirdi. 

“Fransiyada “turk mollarini sotib olmanglar” deyishyapti. Men bunga javoban o‘z xalqimga murojaat qilib aytamanki, Fransiya mahsulotlarini sotib olmanglar”, deydi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.

Turkiya rahbari Yevropa mamlakatlarida, xususan Fransiya va Germaniyada musulmonlarga nisbatan tazyiq va tahdidlarga butun dunyo guvoh bo‘lib turganini qayd etdi. 

“Men ayniqsa, nasroniylar olamiga, yahudiylarga murojaat qilmoqchiman: eng avvalo biz insonmiz, inson sifatida, bizning dinimizda nasroniy bo‘lish gunoh emas, biz ularni ham himoya qilamiz. Shu nuqtayi nazardan biz yahudiylarni ham himoya qilamiz. Lekin agar Fransiyada musulmonlarga nisbatan ta’qiblar bo‘lsa, biz birgalikda ularni ham himoya qilaylik, deya dunyo rahbarlariga murojaat qilmoqchiman”, deydi Erdo‘g‘an. 

Makron va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi ziddiyatlar bundan 10 kun avval Parij yaqinidagi Konflan-Sent-Onorin komunnasida tarix fani o‘qituvchining o‘ldirilishi ortidan yanada sovuqlashdi. O‘qituvchi darsda o‘quvchilarga buyuk payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning "Charlie Hebdo" jurnalida chop etilgan karikaturasini ko‘rsatadi. Chechenistonda tug‘ilgan 18 yoshli Abdulak Anzorov o‘qituvchi Samyuel Patiga pichoq bilan hujum qilib, uni o‘ldiradi. Oradan ko‘p o‘tmay, politsiya qotilni otib tashlaydi. Ushbu voqea Makronning Islom olamiga qarshi bayonotlar bilan chiqishi va mamlakatda so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlashiga sabab bo‘ldi. Bu bayonotlar ortidan esa Rajab Toyib Erdo‘g‘an Makronni ruhiy xasta ekanini aytib, uning zudlik bilan davolanishga muhtojligini qayd etdi. 

Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqarada o‘tgan tadbirda Islom va musulmonlarga qarshi dushmanlik ayrim jamiyatlar, ayniqsa, Yevropa mamlakatlarida vaboga aylanib borayotgani, musulmonlarning ish joylari, uylari, ibodat joylari va maktablariga har kuni irqchilar va fashist guruhlar tomonidan hujum uyushtirilayotganini urg‘uladi. 

"Endi men xalqimga murojaat qilmoqchiman. Fransiyada Turkiya mahsulotlarini sotib olmanglar deyishgani kabi, siz ham hech qachon fransuz brendlarini maqtamang, ularni hech qachon sotib olmang”, deydi Rajab Toyib Erdo‘g‘an. 

Turkiya rahbariga ko‘ra, Yevropa mamlakatlarida musulmon oilalar farzandlarining ta’lim olish huquqlari ular faqat musulmon bo‘lgani uchun turli kutilmagan bahonalar bilan tortib olinmoqda. 

“Bir kun yo‘qki, musulmonlar masjidiga yoki jamiyatlariga hujum uyushtirilgani haqida xabar olmasak. Avvalroq Avtraliyada katta halokatga guvoh bo‘ldik. Endi biz masjidlarga hujumlarni ko‘ryapmiz. Xuddi shunday voqealarga Germaniyada ham guvoh bo‘ldik”, deydi Erdo‘g‘an.

U minbardan turib Germaniya kansleri Angela Merkelga murojaat qilmoqchiligini aytadi:

“Men kansler Merkelga aytmoqchiman: bilishimcha, sizda din erkinligi bor edi?!  Sizda din va e’tiqod qilganlarga davlatning kafolati bor edi?!  Xo‘sh, qanday qilib yuzdan ortiq politsiyachilar bomdod namozida masjidlarga hujum qilishlari mumkin? Siz boshqa dinga mansublarga Turkiyada shunday munosabat qilinganini eshitdingizmi? Yo‘q! Xo‘sh, nega? Chunki bizda haqiqatan ham diniy erkinlik bor. Biz musulmonlarning e’tiqod va ibodat qilish erkinligini cheklaydigan amaliyotga duch kelmayotgan kunimiz yo‘q. Payg‘ambarimiz, muqaddas kitobimiz Qur’on nishonga olinmagan va biz tushkunlik, umidsizlikda ushbu ish bilan shug‘ullanmagan kun yo‘q”, deydi Erdo‘g‘an. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

351

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing