Fransiya kasaba uyushmalari mamlakatni “bloklamoqchi”
Olam
−
12 fevral 2023
9437Fransiya kasaba uyushmalari mamlakatda pensiya yoshining oshirilishiga oid loyiha tufayli 2023 yilning 7 martidan boshlab ommaviy norozilik namoyishlarini boshlashni rejalashtirmoqda.
“Xalq noroziligiga qaramay, hukumat vaziyatga nisbatan hech qanday reaksiya bildirayotgani yo‘q. Shuning uchun Fransiya kasaba uyushmalari mamlakatdagi barcha ishchilar, yoshlar va pensionerlarni mazkur holatga qarshi yanada faol bo‘lishga hamda 7 martdan boshlab Fransiyaning barcha tarmoqlarini falajlashga chaqiradi”, deb aytib o‘tdi Fransiya “Ishchilar kuchi” kasaba uyushmasi bosh kotibi Frederik Suyo mamlakat kasaba uyushmalarining qo‘shma matbuot anjumanida.
Mazkur anjuman BFMTV telekanali orqali translyatsiya qilindi.
Qonun loyihasi 7 mart kuni Fransiya yuqori palatasi hisoblangan Senatga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi. Shundan kelib chiqib, Fransiyaning sakkiz yetakchi kasaba uyushmasi 8 mart kuni yig‘ilib, norozilik harakatlarini davom ettirish yoki to‘xtatish yuzasidan qaror qabul qiladi.
11 fevral kuni butun Fransiya bo‘ylab pensiya islohotiga qarshi 200 dan ortiq namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Ular orasida Tuluza, Marsel, Lion, Bordo, Nant kabi yirik shaharlar ham bor. Birgina Tuluzadagi namoyishda 100 mingga yaqin, Marseldagi mitingda esa 140 mingdan ziyod kishi ishtirok etdi.
Fransiya kasaba uyushmalari navbatdagi norozilik aksiyalari 16 fevral — payshanba kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Fransiyada pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlament muhokamasiga qo‘yilgan edi. Bu esa o‘z navbatida mamlakat kasaba uyushmalarining jiddiy norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi