Fransiya elchixonasi ogohlantirish bilan chiqdi

Jamiyat

image

Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi viza olish uchun ariza topshirayotgan fuqarolarga murojaat qilib, viza jarayonidan noqonuniy daromad olishga qaratilgan har qanday urinishlar qat’iyan man etilishini ma’lum qildi.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, jismoniy shaxslar yoki kompaniyalar tomonidan viza uchun qabulga yozilish jarayonidan moliyaviy manfaat ko‘rishga qaratilgan harakatlarga nisbatan muntazam tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Firibgarlik holatlari aniqlangan taqdirda, aybdorlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llaniladi.

Shuningdek, fuqarolarga TLS xizmat ko‘rsatuvchi markazi tomonidan rasman belgilangan to‘lovlardan tashqari hech qanday qo‘shimcha mablag‘ to‘lamaslik tavsiya etilgan.

Elchixona Fransiyaga safarlarni oldindan rejalashtirishni, bo‘sh qabul sanalari mavjud bo‘lmasa, keyinroq qayta urinib ko‘rishni tavsiya qilgan. Qayd etilishicha, qabul uchun yangi sanalar muntazam ravishda yangilanib boriladi.

Bundan tashqari, Fransiyada tahsil olayotgan yoki tahsil olgan o‘zbekistonlik talabalar hamda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar viza arizasini topshirishda ustuvorlikka ega bo‘lishi mumkin.

Elchixona barcha arizachilarni adolatli va samarali xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida TLS markazi qoidalari hamda xodimlar ko‘rsatmalariga rioya qilishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ualid Fuk 11 mart kuni Toshkentda Fransiyaga borish uchun viza arizalarini qabul qiluvchi yangi viza markazini tantanali ravishda ochgan.

Endilikda barcha viza hujjatlari istisnosiz TLSContact markazi orqali topshirilishi kerak bo‘ladi. Ilgari viza arizalari bevosita Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi viza bo‘limi tomonidan qabul qilinar edi. Endilikda diplomatik missiya konsulligi ariza beruvchilarni qabul qilmaydi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing