Fransiya Armanistonni doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi

Olam

image

Bosh vazir Nikol Pashinyan 28 noyabr kuni Fransiya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Jan-Batist Lemuan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Delegatsiya bilan birgalikda Arsaxdagi armanlar uchun Fransiyadan gumanitar yordam ham yetib kelgan. Bu haqda Armaniston Bosh vazirining Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Davlat kotibi Lemuan bilan uchrashuvda Bosh vazir Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan aloqalarni yuqori baholadi va Arsax armanlariga gumanitar yordam ko‘rsatgani uchun minnatdorchilik bildirdi. “Biz do‘stimiz Fransiyadan Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni xalqaro hamjamiyatga to‘g‘ri taqdim etgani va insonparvarlik yordami uchun minnatdormiz”, deydi Nikol Pashinyan.

Davlat kotibi Lemuanning ta’kidlashicha, arman-fransuz do‘stona munosabatlari ruhiga muvofiq Fransiya prezidenti Arsax armanlariga izchil gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlagan. Shu maqsadda Fransiya allaqachon ikkinchi gumanitar missiyani ham yuborayotganini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, Fransiya Ozarbayjon nazorati ostiga o‘tgan Armanistonning diniy, tarixiy va madaniy merosini saqlashga hissa qo‘shishga tayyor.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Pashinyan Arsaxdagi armanlar uchun Fransiyadan yuborilgan insonparvarlik yordamini kuzatib boruvchi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Nikol Pashinyan delegatsiya a’zolarini qutlar ekan, quyidagilarni ta’kidladi: 

“Aziz hamkasblar, men sizlardan kelgan yordamni juda qadrlayman. Biz har doim do‘st Fransiyaning qo‘llab-quvvatlashini his qilib kelganmiz. Ushbu yordam uchun sizga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Albatta, hozir biz qiyin paytlarni boshdan kechirmoqdamiz va do‘stlarimiz, vatandoshlarimiz ko‘magi bilan Armaniston va Arsax bu qiyin vaziyatdan chiqib ketishiga ishonaman”.

Jan-Batist Lemuan Bosh vazirga samimiy so‘zlar uchun minnatdorlik bildirdi va delegatsiya tarkibiga kiritilgan davlat, xalqaro gumanitar, xususiy tashkilotlar, Fransiyaning arman jamoatchiligi, shu jumladan, xayrixohlik elchisi Yuriy Jorkaeff, shuningdek “Aznavur” fondi rahbariyatini tanishtirdi.

Bosh vazir delegatsiya a’zolariga amalga oshirilgan ishlar uchun minnatdorchilik bildirgan va uning salomi hamda minnatdorchilik so‘zlarini Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga yetkazishni so‘ragan.

Ma’lumot uchun, Fransiya Qorabog‘ mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlashga mas’ul bo‘lgan YeXHTning Minsk guruhi a’zosi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya senati hukumatni Tog‘li Qorabog‘ni tan olishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Loyihani 305 nafar senator qo‘llab-quvvatlagan, faqatgina Jan-Batist Lemuan qarshi bo‘lgan. U bu loyihaga qarshi bo‘lgan va Tog‘li Qorabog‘ Respublikasini bir tomonlama tan olish hech kimga naf keltirmasligini aytgan.

O‘z navbatida Ozarbayjon bu rezolyutsiyani foydasiz qog‘oz parchasi, deb baholadi. Shu bilan birga, rasmiy Baku Fransiya elchisiga nota topshirdi

Keyinchalik,  Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi mamlakat Hukumatiga Fransiyani Minsk guruhi hamraisligidan chiqarib yuborish bo‘yicha Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga murojaat qilishni taklif etdi. Ushbu taklif haqida Milliy Majlisning 26 noyabr kuni Fransiya Senatining Hukumatni Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini tan olishga chaqirgan rezolyutsiyasiga javoban qabul qilingan bayonotda so‘z borgan

Shundan so‘ng, Fransiya Hukumati o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasini tan olmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

“[Senatda] ovoz berishidan oldin o‘tkazilgan bahsda Turizm bo‘yicha davlat kotibi Jan-Batist Lemuan bu masala yuzasidan Fransiya Hukumatining pozitsiyasini eslatdi: Fransiya Tog‘li Qorabog‘ Respublikasini tan olmaydi”, degan manba.

Shuningdek, Fransiya Tog‘li Qorabog‘ bilan bog‘liq va 9 noyabrda imzolangan uch tomonlama bayonotda qayd etilmagan masalalarni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Minsk guruhi doirasida hal qilish kerakligini aytgan.

Umidjon Nozimjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Frantsiya Minsk Evropa Ozarbayjon Senat Baku Nikol Pashinyan Armaniston Jan-Batist Lemuan EXHT Emmanuel' Makron Bosh vazir Tog'li Qorabog' Minsk guruhi Milliy Majlis Aznavur Artsax Frantsiya Hukumati Yuriy Jorkaeff

Baholaganlar

29

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing