Fransiya Afg‘onistondan fuqarolarni evakuatsiya qilishni yakunladi
Olam
−
28 avgust 2021
3797Fransiya Afg‘onistondan o‘z fuqarolari va fransuzlar bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha operatsiyani yakunladi, fransuz diplomatlari Qobulni tark etdi. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vazirligi va Qurolli Kuchlar vazirligining qo‘shma bayonotida aytilgan.
“Qobul aeroportining xavfsizligi uchun javobgar bo‘lgan AQSH qo‘shinlari tezlik bilan olib ketilgani tasdiqlanganidan so‘ng, aeroportdagi shartlar xavfsizlik mezonlariga javob bermaydi. Bizning evakuatsiya operatsiyamiz 27 avgust kuni yakunlandi. Fransiyaning Qobuldagi elchixonasi jamoasi Abu-Dabiga yetib keldi va u yerdan Fransiyaga ketdi. Bizning diplomatlarimiz, harbiylarimiz, politsiya xodimlarimiz hamda Qobul, Abu-Dabi va Parijdagi barcha davlat xizmatchilari doimiy ravishda fuqarolarni evakuatsiya qilish va minglab odamlarga boshpana berish uchun harakat qilmoqda”, deyilgan xabarda.
Bayonotda ta’kidlanishicha, joriy yilning 15 avgustidan buyon fransuz kuchlari 3 ming kishini Qobuldan olib chiqqan, shundan 2,7 mingga yaqini afg‘onlardir.
Qayd etilishicha, Fransiya ommaviy evakuatsiya boshlanishidan oldin ham Afg‘oniston fuqarolarini olib chiqib ketishni boshlagan va 15 avgustga qadar 1,5 ming odamni evakuatsiya qilgan.
Qurolli Kuchlar vaziri Florans Parli va Tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drianga ko‘ra, Fransiya afg‘onlarni har doim qo‘llab-quvvatlaydi.
Avvalroq, Germaniya Afg‘onistondan fuqarolarini va afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilishni to‘xtatgani haqida xabar bergandik.
20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH
2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi.
Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi
Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi