Fransiya hukumati iste’foga chiqdi
Olam
−
05 dekabr
4758Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron parlament tomonidan e’lon qilingan ishonchsizlik votumi ortidan Mishel Barne hukumatining iste’fosini qabul qildi. Bu haqda Yelisey saroyi matbuot xizmati xabar berdi.
“Mishel Barne hukumat a’zolari bilan birgalikda yangi hukumat tayinlangunga qadar joriy masalalarni hal qilishni davom ettiradi”, deyiladi Yelisey saroyi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 dekabr kuni Mishel Barne hukumatiga nisbatan ishonchsizlik votumi qabul qilingandi. Votum sababi sifatida 2025 yilgi byudjetni kelishish jarayonida mamlakatdagi siyosiy kuchlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ko‘rsatilgan.
Barne hukumati joriy yil sentyabr oyining ikkinchi yarmida shakllantirilgandi. Milliy assambleyaga bo‘lib o‘tgan saylovlardan keyin hech bir partiya ko‘pchilik ovozga ega bo‘la olmagani sababli Makron yangi Bosh vazirni tayinlash uchun uch oyga yaqin vaqt sarflagan.
Fransiya konstitutsiyasiga ko‘ra, Prezident yangi muddatidan oldin parlament saylovlarini faqat oxirgi saylovlardan bir yil o‘tgach o‘tkazishi mumkin. Oxirgi saylov esa iyul oyida bo‘lib o‘tgandi. Bunday holat Fransiya tarixida 1962 yilda Jorj Pompidu hukumati iste’foga chiqqandan beri birinchi marta sodir bo‘lmoqda.