Fransiya hududida ilk bor Ebola virusi aniqlandi

Olam

image

Fransiya hududida Ebola bezgagi bilan kasallanishning ilk holati aniqlandi. Kongo Demokratik Respublikasidagi gumanitar missiyadan qaytib kelgan shifokorda virusga olingan test ijobiy natija bergan. Bu haqda Fransiya Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, “Le Parisien” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bemor izolyatsiya qilinib, ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan. Uning ahvoli barqaror deb baholanmoqda. Rasmiylar bemor bilan aloqada bo‘lganlar doirasini aniqlashni boshlagan. Fransiya Sog‘liqni saqlash vazirligi virusning mamlakat aholisi va Yevropa bo‘ylab tarqalish xavfi pastligicha qolayotganini ma’lum qilgan. 

Bu Fransiyada tashxis qo‘yilgan ilk Ebola holatidir. 2014 yilda G‘arbiy Afrikada kuzatilgan yirik avj olish paytida mamlakat Ebola bilan kasallangan ikki nafar bemorni qabul qilgan edi, biroq ularning tashxisi hali Fransiya hududiga kelmasdan turib qo‘yilgan.

Hozirgi epidemiya Kongo Demokratik Respublikasida 15 may kuni boshlangan bo‘lib, unga kamyob “Bundibugyo” shtammi sabab bo‘lgan. JSSTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 1 mingdan ortiq kasallanish holati tasdiqlangan, 267 kishi vafot etgan. Birinchi oy natijalariga ko‘ra, ushbu avj olish tasdiqlangan holatlar soni bo‘yicha tarixda qayd etilgan barcha Ebola epidemiyalari ichida eng yirigiga aylandi.

Virus asosan Kongo sharqida, jumladan, Ituri provinsiyasida tarqalmoqda. Epidemiyani jilovlashni qurolli zo‘ravonliklar, mahalliy aholining bir qismi tibbiyot xodimlariga ishonmasligi va kasallanganlar bilan aloqada bo‘lganlarni kuzatishdagi muammolar murakkablashtirmoqda. Avvalroq rasmiylar infeksiya yuqtirganlar bilan aloqada bo‘lgan odamlarning atigi 55 foizinigina aniqlashga muvaffaq bo‘Kganini xabar qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilda Ebola virusini yuqtirish bo‘yicha ilk gumonli holat qayd etilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing