Isroilda fuqaro Ebolada gumon qilinib karantinga olindi

Olam

image
Bugun, 20 iyun kuni Isroilda Ebola virusini yuqtirish bo‘yicha ilk gumonli holat qayd etildi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bemor Kongo Demokratik Respublikasidan qaytgan erkak bo‘lib, isitma va bosh og‘rig‘i shikoyatlari bilan shifokorlarga murojaat qilgan. Vazirlik hozircha faqat gumon haqida gap ketayotganini, yakuniy tashxis hali tasdiqlanmaganini ma’lum qilgan.

Bemor Hayfa shahridagi “Rambam” tibbiyot markazining maxsus izolyatoriga yotqizilgan. Ushbu muassasa bunday holatlarni qabul qilish uchun oldindan tayyorlangan bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bemor amaldagi protokollarga muvofiq karantinga olingan. Tahlil natijalari esa yaqin 24 soat ichida tayyor bo‘lishi aytilgan. Shu bilan birga, bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida epidemiologik tekshiruv boshlangan.

Vazirlik mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi bunday holatlarga to‘liq tayyor ekanini ham bildirgan hamda fuqarolarni Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandada kuzatilayotgan faol kasallik o‘choqlariga zaruratsiz safarlardan tiyilishga chaqirgan.

AQSHning Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika qilish markazlari (CDC) ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusining 933 ta tasdiqlangan va 245 ta o‘lim holatlari qayd etilgan. Ugandada esa Bundibudjo turiga mansub virus bilan bog‘liq 19 ta holat aniqlangan va 2 ta o‘lim kuzatilgan.

Vazirlik hozircha xavotir uchun asos yo‘qligini bildirib, vaziyat yuzasidan ma’lumotlar zaruratga qarab yangilanib borilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida Ebola avj olishi fonida shifokorlar ish tashlayotgani xabar qilingandi.

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing