Oliy ta’limda korrupsiya. Qancha amaldor javobgarlikka tortildi?

Jamiyat

image

Bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshev oliy ta’limdagi eng korrupsiyalashgan yo‘nalishlar va javobgarlikka tortilgan amaldorlar masalasiga urg‘u berdi. 
18 yanvar kuni Bosh prokuraturada Bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvaxitov, Prezident maslahatchisining o‘rinbosari U.Ismailov, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov qatnashdi. Bu haqda O‘zbekiston bosh prokuraturasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish ahvoli va qonuniylikni ta’minlashga doir masalalar muhokama qilindi. oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amaliy ishlar oqsayotganligi, tizimdagi ayrim rahbarlar bu illatdan qutula olmayotganligi yig‘ilishda tanqidiy muhokama etildi.

Korrupsiya holatlari, asosan, talabalik safiga qabul qilish, o‘qish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, shuningdek, talabalarning o‘qish joyini ko‘chirish, o‘qish yo‘nalishini o‘zgartirish hamda o‘qishga qayta tiklashda kuzatilayotganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda tizimdagi 326 nafar xodim ta’lim jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan, ularning 220 nafari kollej va litseylarga, 106 nafari oliy o‘quv yurtlariga to‘g‘ri kelmoqda.
“Institut va universitetlarning jinoyat sodir etgan xodimlaridan 3 nafarini rektorlar, 5 nafarini prorektorlar, 15 nafarini dekan va dekan o‘rinbosarlari, 62 nafarini o‘qituvchilar tashkil etadi. Kollej va litseylarda esa, 34 nafar direktor, 31 nafar direktor o‘rinbosari, 94 nafar o‘qituvchi jinoyatga qo‘l urgan”, deyiladi ma’lumotda.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu yig‘ilishga elektron OAV vakillari kiritilmadi va bu holatga izoh ham berilmadi. Bunday holatlarning kuzatilishi axborot olishdagi shaffoflik va xolislikning yo‘qqa chiqishiga sabab bo‘ladi.

Sarvar Anvar o‘g‘li


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Bosh prokuror Nig'matulla Yo'ldoshev

Baholaganlar

74

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing