“Formula 1” 2026 yil uchun yangi qoidalarni e’lon qildi

Sport

image

Kecha, 17 dekabr kuni “Formula 1” rahbariyati 2026 yildan kuchga kiradigan yangi texnik reglament va terminologiyani rasman taqdim etdi. Yangi qoidalar bilan qarshilikni kamaytirish tizimi (DRS) tizimi bekor qilinadi va uning o‘rnini quvib o‘tish jarayonini yanada dinamik qiluvchi yangi mexanizmlar egallaydi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

“Formula 1” tashkiloti yangi dvigatel davri boshlanishi hamda tarixdagi eng yirik texnik o‘zgarishlar munosabati bilan yangilangan terminologiyani e’lon qildi. Endi 2026 yildan boshlab avtomobillar yengilroq va ixchamroq bo‘ladi, shinalar torayadi, ichki yonish dvigateli va elektr quvvati 50/50 nisbatda ishlaydi. Shuningdek, barqaror yoqilg‘i va elektr energiyasidan foydalanish majburiy etib belgilanadi.

“Yangi avlod avtomobillarida haydovchilar avvalgidan ko‘ra ko‘proq quvvat va nazoratga ega bo‘ladi. Energiyani joylashtirish, qayta tiklash va tejash bo‘yicha qabul qilinadigan qarorlar ularga katta mas’uliyat yuklaydi”, deyiladi “Formula 1” bayonotida.

Tashkilot murakkab texnik jargonlardan qochish maqsadida FIA, jamoalar, muhandislar va muxlislar bilan maslahatlashgan holda yangi atamalarni joriy etdi.

Overtake rejimi — DRS o‘rnini bosuvchi strategik vosita. Oldindagi avtomobildan bir soniya ichida harakatlanayotgan haydovchi quvib o‘tish uchun qo‘shimcha quvvatga ega bo‘ladi. Ushbu rejimdan qisqa vaqtga yoki butun aylana davomida foydalanish mumkin.

Boost rejimi — haydovchi tomonidan boshqariladigan energiya taqsimoti bo‘lib, hujum yoki himoya paytida ishlatiladi. Tugmani bosish orqali trekning istalgan nuqtasida dvigatel va batareyadan maksimal quvvat olinadi.

Active Aero — old va orqa qanotlarning harakatlanuvchi elementlari bo‘lib, burilish va to‘g‘ri yo‘l rejimlariga ega. “Formula 1”ga ko‘ra, bu tizim avtomobilning yo‘lga yopishishini oshirib, strategik moslashuvchanlikni ta’minlaydi.

Recharge — tormozlash, to‘g‘ri yo‘l oxirida gazni bo‘shatish yoki burilishlarda qisman quvvat ishlatilishi orqali akkumulyatorni zaryadlash imkonini beruvchi tizimdir.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 dekabr kuni O‘zbekiston poytaxti Toshkentda Xalqaro avtomobil federatsiyasining (FIA) yil yakunlariga bag‘ishlangan tarixiy tadbir o‘tkazilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

FIA qoidalar “Formula 1”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing