Folbinlar Zambiya Prezidentini jodu bilan o‘ldirishga urindi
Olam
−
16 Sentabr 2025 5533 1 daqiqa
O‘tgan hafta Zambiyada Prezidentning hayotiga suiqasd qilmoqchi bo‘lgan ikki nafar erkak folbin ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilning oxirida 43 yoshli zambiyalik Leonard Pxiri va 42 yoshli mozambiklik Jastin Kandungede Zambiya poytaxti Lusakadagi mehmonxonada qo‘lga olingan. Mehmonxona xodimasi g‘alati tovushlarni eshitib, politsiyaga xabar bergach, ular yashagan xonadan turli sehr-jodu buyumlari, jumladan, tirik buqalamun, noma’lum hayvonning dum qismi, 12 shisha dori va shu kabilar topilgan. Ularni folbinlar go‘yoki Zambiya Prezidenti Hakainde Hichilemani “afsunlab”, keyinchalik o‘ldirish uchun ishlatmoqchi bo‘lgan.
Prezidentni o‘ldirishni ularga mahalliy obro‘li siyosatchi Emmanuel Bandaning ukasi Nelson Banda buyurtma qilgan va folbinlarga 2 million zambiya kvachasi (73 ming dollar) to‘lagan. Ayblanuvchilar o‘z aybini tan olgan.
Ma’lumot uchun, mamlakatda 1914 yildan beri amal qilib kelayotgan sehr-joduni taqiqlovchi qonunga ko‘ra, o‘zini sehrli yoki g‘ayritabiiy qobiliyatlarga ega deb ko‘rsatish, odamlarni qo‘rqitish yoki ularga zarar yetkazishga urinish — folbinlik faoliyati deb hisoblanadi. Bu jinoyat uchun beriladigan eng keskin jazo – uch yilgacha ozodlikdan mahrum etish.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gaiti poytaxti Port-o-Prensdagi jinoiy guruh a’zolari 110 kishini afsungarlikda ayblab, o‘ldirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi