Folbinga ishonib qabristonga pul ko‘mgan ayol 43 ming dollarga “uxladi”
Olam
−
15:14 7415 1 daqiqa
Qirg‘izistonda ayol folbin tavsiyasi bilan o‘z biznesiga “yo‘l ochish” uchun 43 ming dollarni qabristonlarga ko‘mdi. Bu haqda “Caravan info” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ichki ishlar organlariga O.G. ismli fuqaro murojaat qilib, joriy yilning may oyidan oktyabr oyining oxirigacha gumonlanuvchi ayol “biznesga yordam berish” bahonasida turli “marosimlar”ni o‘tkazib, uning ishonchiga kirgani va firibgarlik yo‘li bilan 43 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritib, so‘ngra yashiringanini ma’lum qilgan.
Bishkek shahrining Birinchi may tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari firibgarlikda gumonlanayotgan 2000 yilda tug‘ilgan M.K. ismli ayolni qo‘lga olgan. Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 209-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida tuman IIB xodimlari gumonlanuvchining shaxsini aniqlab, uni qo‘lga olgan. U vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirilgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, gumonlanuvchi o‘zini folbin sifatida tanishtirgan. “Marosimlar” paytida u pullarni qabristonlarda qoldirishni talab qilgan, shuningdek ip, igna va boshqa “sehrli buyumlar”dan foydalangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zambiyada Prezidentning hayotiga suiqasd qilmoqchi bo‘lgan ikki nafar erkak folbin ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.
Live
Barchasi