Fitso Putindan keyin Zelenskiy bilan uchrashdi
Olam
−
05 Sentabr 6960 2 daqiqa
Bugun, 5 sentyabr kuni Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, unga Xitoydagi muzokaralar haqida ma’lumot berdi. Bu haqda Ukraina rahbari o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Uchrashuvda tomonlar uchun muhim bo‘lgan asosiy masalalar muhokama qilingan. Zelenskiy AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lgan suhbat, “ko‘ngillilar koalitsiyasi” yetakchilari bilan tinchlikka erishish va Ukraina xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda Yevropa uchun xavfsizlik arxitekturasi haqida ma’lumot bergan. Slovakiya esa bu jarayonda chetda qarab turmasligi, qo‘ldan kelgancha yordam berishini bildirgan. Slovakiya Bosh vaziri Xitoy bilan aloqalar haqida so‘zlab bergan.
%20copy(12).jpg)
Yevropaning energetik mustaqilligi masalasi ham alohida va muhim mavzu bo‘lgan. Ukraina Prezidentining da’vo qilishicha, u Fitsoga Rossiya nefti va gazi Yevropa uchun kelajakka ega emasligini uqtirgan.
“Slovakiya Ukrainani Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lida qo‘llab-quvvatlamoqda, bu juda muhim qadriyat sifatida baholandi. Ukraina va Moldova Yevroittifoqqa a’zolikka birgalikda intilishi zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, mintaqada iqtisodiy, energetik va infratuzilma bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash ikki xalq va ikki davlat uchun foyda keltirishi qayd etildi”, deya yozgan Zelenskiy.
Prezident uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, bu muloqotni davom ettirish muhimligini ta’kidlagan.
.png)
Zelenskiy uchrashuv haqida qisqacha ma’lumot bergan bo‘lsa-da, ular Rossiya bilan munosabatlar, Kremlning keyingi qadamlarini ham muhokama qilgan bo‘lishi mumkin. Har xolda Fitso Zelenskiyning oldiga quruq borgani yo‘q. U 2 sentyabr kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashgan va keraklicha ma’lumot olgan edi.
Qayd etish joiz, Slovakiya va Ukraina munosabatlari keskin sovuqlashib borayotgan edi. Ikki o‘rtadagi gina Ukraina Qurolli kuchlarining “Drujba” neft quvuriga hujumlari sababli yuzaga keldi. Bu quvur orqali Rossiya nefti Markaziy Yevropaga yetkazilardi, ammo hujumlar tufayli ba’zida yetkazib berish qisqa muddatlarga to‘xtab qoldi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 sentyabr kuni Slovakiya Bosh vaziri Facebookʼda e’lon qilingan videomurojaatida yaqin kunlarda Xitoy Raisi Si Szinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishni rejalashtirayotgani haqida aytgandi. U o‘z rejasini to‘laqonli bajardi ham.
Live
Barchasi