Fitso Putin va Zelenskiy bilan uchrashmoqchi
Olam
−
02 Sentabr 4314 2 daqiqa
Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso yaqin kunlarda Xitoy Raisi Si Szinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda u kecha, 1 sentyabr kuni Facebook’da e’lon qilingan videomurojaatida ma’lum qildi.
Fitso bugun, 2 sentyabr kuni Pekinda Putin bilan, 4 sentyabr kuni esa Si Szinpin bilan uchrashadi. 5 sentyabr kuni esa Bosh vazir Slovakiyaning sharqida Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazishni rejalashtirgan. Pekinda 3 sentyabrda Ikkinchi jahon urushida Yaponiya taslim bo‘lganining 80 yilligi munosabati bilan harbiy parad o‘tkaziladi va Fitso ham ko‘plab davlat yetakchilari kabi ushbu paradda hozir bo‘ladi.
Videomurojaatida Fitso Yevropa Ittifoqi rahbarlari Pekindagi paradga kelmagani uchun afsus bildirgan.
“Yangi ko‘p qutbli dunyo tartibi, yangi kuchlar muvozanati shakllanmoqda, bu esa global barqarorlik uchun muhim edi”, deya qo‘shimcha qilgan Slovakiya Bosh vaziri.
Fitso o‘zining neytral pozitsiyada ekani iddao qilib keladi. U Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda “tinchlik o‘rnatishda vositachi” rolini o‘ynashni istaydi, ammo bu hozircha amalga oshmagan. Tanganing ikki tarafi bo‘lganidek, yevropaliklar vazirning gapini uncha yoqlamaydi. Zelenskiy hamda Yevropa Ittifoqi siyosatchilari uni Moskvaga nisbatan haddan tashqari do‘stona siyosatda ayblamoqda.
Qayd etish joiz, Slovakiya va Ukraina munosabatlari keskin sovuqlashib bormoqda. Ikki o‘rtadagi gina Ukraina Qurolli kuchlarining “Drujba” neft quvuriga hujumlari sababli yuzaga keldi. Bu quvur orqali Rossiya nefti Markaziy Yevropaga yetkazilardi, ammo hujumlar tufayli ba’zida yetkazib berish qisqa muddatlarga to‘xtab qoldi.
Ma’lumot uchun, ertaga, 3 sentyabr kuni Pekinda keng ko‘lamli parad bo‘lib o‘tadi. Marosim 70 daqiqa davom etadi, unda Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi an’anaviy qo‘shin turlari va Qurolli kuchlarning yangi bo‘limlari – 45 ekipaj, ilg‘or raketa texnologiyalari, tanklar, samolyotlar va milliy ishlab chiqarishning uchuvchisiz tizimlarini taqdim etadi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina kuchlarining “Drujba” neft quvuriga zarba bergani haqida ilk xabarlar 22 avgust kuni matbuotda tarqalgan. Ushbu yo‘l orqali Vengriyaga ham neft yetkazib berilar edi. Budapeshtga ko‘ra, quvur kamida besh kunga ishdan chiqqan. Hujumga uchragan quvur Rossiyaning Bryansk viloyatidan o‘tadi.
Live
Barchasi