“Fitch Ratings” O‘zbekistonning suveren kredit reytingini qayta baholadi

Jamiyat

image

Joriy yilning 11 oktyabrida “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasi suveren kredit reytingiga o‘zining navbatdagi sharhini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning suveren kredit reytingi “VV-“ (“Barqaror”) darajasida qoldirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Moliya vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekiston kredit reytingi baholanishida uning moliyaviy holatining mustahkamligi, mo‘tadil darajadagi davlat qarzi, “BB-” reytingiga ega davlatlarga nisbatan yuqori iqtisodiy o‘sishga egaligi inobatga olingan. Ammo jon boshiga yalpi ichki mahsulotning (YAIM) nisbatan kamligi, institutsional salohiyatni rivojlantirish zaruriyati va nisbatan yuqori inflyatsiya darajasi reyting ko‘rsatkichi oshirilishini “cheklovchi” omillar sifatida sanab o‘tilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (O‘RTTJ) pul mablag‘lari va Hukumat depozitlari (YAIMga nisbatan 10,4 foiz), sof davlat qarzining past darajada ekanligi (2019 yil uchun YAIMga nisbatan -1,8 foiz prognoz qilinmoqda), jahon moliya bozorlaridagi joriy holat sabab qulay foiz stavkalari va qayta moliyalashtirish xatarining pastligi ijobiy baholangan. 

Shu bilan birga, Hukumatning iqtisodiy barqarorlikni oshirish, jumladan, davlat boshqaruvi va institutsional ko‘rsatkichlarni yaxshilash va davlat qarzining keskin oshib ketishini oldini olish, shuningdek, pul-kredit va soliq-byudjet siyosatlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan say-harakatlari alohida qayd etilgan.

Agentlik O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat ulushiga ega korxonalar islohotiga to‘xtalib, fiskal va moliyaviy xatarlarni oldini olish, raqobat muhitini yaxshilash va iqtisodiyotning samaradorligini oshirishga qaratilgan narxlar va tariflar liberalizatsiyasi, korporativ boshqaruvning yaxshilanishi va xususiylashtirish jarayonlariga urg‘u bergan. 

“Fitch Ratings” tomonidan ta’kidlanishicha:

- doimiylik va ishonchlilikka asoslangan davlat siyosati orqali xatarlarning kamaytirilishi va makroiqtisodiy barqarorlikning ta’minlanishi, tarkibiy ko‘rsatkichlarning (jumladan, aholi jon boshiga YAIM va institutsional omillarning) kutilganidan ko‘ra tezroq yaxshilanishi hamda suveren balansning mustahkamlanishi O‘zbekistonning kredit reytingiga ijobiy ta’sir etadi;

- makroiqtisodiy barqarorlikka xavf tug‘diruvchi xatarlarning ortishi, xususan kreditlash hajmining va davlat qarzining YAIMga nisbatan tez su’ratlarda o‘sishi, xorijiy valyutadagi zaxira aktivlarining keskin kamayishi O‘zbekiston kredit reytingiga salbiy ta’sir etishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

kredit reytingi Fitch Ratings

Baholaganlar

6

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing