Oltin narxining tushishi O‘zbekiston zaxiralariga ta’sir qilishi mumkin – Fitch Ratings
Jamiyat
−
09:21 1234 2 daqiqa
O‘zbekiston xalqaro zaxiralarining 87 foizi oltindan iborat bo‘lib, ushbu yuqori konsentratsiya oltin narxlarining keskin pasayishi xavfini oshiradi. Bu haqda xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings ma’lum qildi.
Fitch’ning Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarining oltin-valyuta hamda suveren tashqi buferlariga bag‘ishlangan tahliliga ko‘ra, 2026 yil birinchi yarmi yakunida O‘zbekiston xalqaro zaxiralarida oltinning ulushi 87 foizni tashkil qilgan. Bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lsa, Qirg‘izistonda oltinning zaxiralardagi ulushi 80 foizga yetgan.
Agentlik tahlilchilari oltin zaxiralarining ko‘payishi tashqi shoklarga qarshi himoya buferini kuchaytirishga xizmat qilishini, biroq oltin narxlarining yuqori o‘zgaruvchanligi sharoitida bu holat ayrim xavflarni ham keltirib chiqarishini ta’kidlagan.
“Oltin narxlari sezilarli darajada pasaygan ssenariy mintaqadagi ayrim mamlakatlarga, xususan, zaxiralarining asosiy qismi oltinda saqlanadigan Qirg‘iziston va O‘zbekistonga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq buning o‘zi mamlakatlarning kredit reytinglariga nisbatan salbiy qaror qabul qilinishiga olib kelishi ehtimoli past”, deyiladi Fitch tahlilida.
Fitch ma’lumotlariga ko‘ra, oltin narxining o‘sishi mintaqadagi oltin qazib oluvchi mamlakatlarning tashqi balanslarini yaxshilagan. Jumladan, O‘zbekistonda joriy operatsiyalar hisobining taqchilligi 2023 yildagi YAIMning 7,3 foizidan 2025 yilda 3,9 foizigacha qisqargan. Bunda oltin eksportining dollar hisobida 20 foizga o‘sishi ham muhim omil bo‘lgan.
Mintaqa bo‘yicha zaxiralarning joriy tashqi to‘lovlarni qoplash darajasi ikki yildan sal ko‘proq vaqt ichida o‘rtacha 50 foizga oshgan. Agentlikning qayd etishicha, 2011–2025 yillarda dunyoda oltin qazib olish hajmi yiliga o‘rtacha 2 foizga o‘sgan. Eng yuqori o‘sish Markaziy Osiyoda qayd etilgan – yiliga o‘rtacha 4,7 foiz.
O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarish 2024 yilda 8 foizga oshib, 129 tonnaga yetgan. Bu 2010 yildagi ko‘rsatkichdan 2,9 barobar yuqori bo‘lgan, biroq 2025 yilda ishlab chiqarish 3 foizga kamaygan.
Fitch’ga ko‘ra, 2024–2026 yillarda O‘zbekiston oltin zaxiralarining qiymati ikki barobar oshgan. Biroq ushbu o‘sishning 91 foizi oltin narxining ko‘tarilishi hisobiga to‘g‘ri kelgan, oltin zaxiralari hajmi esa sezilarli darajada oshmagan.
Agentlik O‘zbekiston iqtisodiyotida oltinning ahamiyati yuqori ekanini ham ta’kidlagan. Mamlakatda oltin qazib olish YAIMning 7 foizdan ortig‘ini va eksportning 40 foizidan ko‘pini tashkil qiladi.
Fitch shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining markaziy banklari mamlakat hududida qazib olingan oltinni xarid qilishda ustuvor huquqqa ega ekanini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari joriy yilning iyul oyida 590 mln dollarga oshgani xabar qilingandi. 1 avgust holatiga mamlakatning rasmiy zaxira aktivlari 64,35 mlrd dollarni tashkil etgandi.
Live
Barchasi