Finlyandiya Prezidenti niyatini Putinga aytdi

Olam

image

Finlyandiyaning an’anaviy harbiy betaraflik siyosatidan voz kechishi noto‘g‘ri bo‘ladi, chunki uning xavfsizligiga hech qanday tahdid yo‘q. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo bilan telefon orqali muloqotda aytib o‘tdi, deya xabar beradi bugun, 14 may kuni Kreml matbuot xizmati.

“Finlyandiya rahbariyatining NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berish niyati e’lon qilingani munosabati bilan ochiq fikr almashildi”, deyiladi xabarda.

Vladimir Putin an’anaviy harbiy betaraflik siyosatidan voz kechish xato bo‘lishini, chunki Finlyandiya xavfsizligiga tahdid yo‘qligini ta’kidlagan.

“Mamlakat tashqi siyosatidagi bunday o‘zgarish ko‘p yillar davomida yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlari ruhida qurilgan hamda o‘zaro manfaatli bo‘lgan Rossiya-Finlyandiya munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, deya ta’kidlagan Kreml matbuot xizmati.

Rossiya Federatsiyasi va Finlyandiya Prezidentlari Ukrainadagi vaziyatni ham muhokama qilishgan. Putin Niinistyoga Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralar aslida Ukraina tomonining konstruktiv muloqotdan manfaatdor emasligi sababli to‘xtatilganiga ishora qilgan.

Kremlga ko‘ra, suhbat Finlyandiya tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan.

Finlyandiya rahbari devoni xabariga ko‘ra, Niinistyo Putin bilan muloqotda NATOga a’zo bo‘lishi haqida gaplashgan. U Rossiyaning o‘tgan yil dekabrdagi NATOning sharqqa kengaymasligi bo‘yicha talabi Finlyandiyaning o‘z taqdirini belgilash bo‘yicha erkini cheklash ekanini va bu ikki davlat munosabatlarida burilish nuqtasi bo‘lganini ta’kidlagan.

“Shuningdek, Xelsinki qaroriga Rossiyaning 2022 yil fevralida Ukrainaga ommaviy bostirib kirishi ta’sir ko‘rsatdi”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

“Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Shimoliy Yevropa mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga hamda Rossiya-Finlyandiya ikki tomonlama munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Bundan tashqari, Shvetsiyaning hukmron Sotsial-demokratik partiyasi rahbariyati 15 may kuni Alyansga qo‘shilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini e’lon qiladi. OAV xabarlariga ko‘ra, mamlakat kelasi hafta NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza beradi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya Finlyandiya

Baholaganlar

323

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing