Filippinning sobiq prezidenti XJS orderi asosida hibsga olindi

Olam

image

Filippin politsiyasi respublikani 2016–2022 yillarda boshqargan sobiq prezident Rodrigo Duterteni insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha Xalqaro jinoiy sud (XJS) orderi asosida hibsga oldi. Bu haqda Filippin Prezidenti ma’muriyati matbuot xizmati xabar berdi.

“Maniladagi Interpol bo‘limi XJS tomonidan chiqarilgan rasmiy hibsga olish orderi nusxasini oldi. 2025 yil 11 mart kuni soat 09:20 da sobiq prezident Rodrigo Duterte o‘z hamrohlari bilan Gongkongdan Manilaga Cathay Pacific CX 907 reysi bilan yetib keldi. Kelishidan so‘ng, Bosh prokuror XJSga hibsga olish orderi to‘g‘risida xabar berdi. Filippin Milliy politsiyasi xodimlari orderni bajarish chog‘ida o‘z bodi-kameralarini yoqib qo‘yishganiga ishonch hosil qilishdi. Hozirda u qamoqda saqlanmoqda”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Xalqaro jinoiy sudning Dastlabki tergov palatasi 2021 yil 15 sentyabr kuni Filippinda narkotiklarga qarshi kurash davomida sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha to‘liq tergov boshlash uchun prokuratura so‘rovini qanoatlantirgan edi. U 2011 yil 1 noyabrdan 2019 yil 19 martgacha bo‘lgan davrda sodir etilgan qotilliklar tergov qilinishiga asoslar bor deb topgan.

XJS Netanyaxuni hibsga olish uchun order berdi north_east

XJS Netanyaxuni hibsga olish uchun order berdi

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kampaniya doirasida 12 mingdan 30 minggacha odam giyohvand moddalarni iste’mol qilgani yoki sotgani uchun o‘ldirilgan. Ayrim holatlarda ushbu qotilliklar sud va tergovsiz amalga oshirilgani va politsiya reydlari chog‘ida sodir etilgani taxmin qilinmoqda.

2021 yil noyabr oyida Filippin hukumati XJSdan tergovni kechiktirishni so‘rab, o‘zining mustaqil tekshiruv o‘tkazish huquqidan foydalanishini bildirgan.

2018 yil mart oyida Filippin XJS tarkibidan chiqish haqida qaror qabul qilib, BMTga tegishli ariza yuborgan. Ushbu qaror bir yil o‘tib kuchga kirgan bo‘lsa-da, XJS Filippinning a’zolik davrida sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha yurisdiksiyani saqlab qolishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Peruda sobiq prezident Alexandro Toledo Braziliyaning “Odebrecht” qurilish korporatsiyasidan pora olgani uchun 20 yil 6 oy qamoq jazosiga hukm qilingan edi. “Odebrecht” korporatsiyasi Toledoga Braziliya va Peru o‘rtasidagi ikki avtomobil yo‘li qurilishi bo‘yicha shartnomani olishga yordam bergani uchun 35 million dollar pora bergan. Tergov davomida Braziliya kompaniyasi Lotin Amerikasi va AQSHdagi amaldorlarni pora bilan sotib olganini tan olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Filippin sobiq prezident Rodrigo Duterte

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing