Filippindagi Mayon vulqoni faollashdi

Olam

image

Bugun, 6 yanvar kuni Filippin vulqonshunoslik va seysmologiya instituti (Phivolcs) Mayon vulqoni bo‘yicha ogohlantirish darajasini besh bosqichli shkalada uchinchi darajaga ko‘tardi. Bu magmaning vulqon ichida yuqoriga ko‘tarilib, cho‘qqida lava gumbazini hosil qilayotganini anglatadi. Bu haqda “The Straits Times” xabar berdi.

Keltirilishicha, Filippinning markaziy qismida joylashgan Albay provinsiyasidagi Mayon vulqonida yaqin kunlar yoki haftalar ichida portlovchi faollik ehtimoli mavjud. Shu sababli aholidan vulqon atrofidagi 6 kilometrlik xavfli hududdan tashqarida bo‘lish so‘raldi.

Vulqonshunoslik va seysmologiya instituti 6 km radiusdagi taqiqlangan zonada istiqomat qiluvchilarni lava oqimi, toshlar qulashi va boshqa xavflar tufayli evakuatsiya qilishga chaqirgan.

Shuningdek, institut Fuqaro aviatsiyasi ma’muriyatidan uchuvchilarga Mayon vulqoni cho‘qqisi yaqinida parvoz qilmaslik haqida ogohlantirish berishni so‘ragan. Chunki to‘satdan otilib chiqqan kul samolyotlar uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
 
2026 yil 1 yanvaridan buyon Vulqonshunoslik va seysmologiya instituti 346 ta tosh qulashi va 4 ta vulqon zilzilasini qayd etgan. 2025 yil noyabr-dekabr oylarida esa 599 ta tosh qulagan. 
 
Ma’lumot o‘rnida, Mayon Filippindagi 22 ta faol vulqon orasida eng faollaridan biri hisoblanadi. U so‘nggi asrda 50 martadan ortiq otilgan.

Vulqonning so‘nggi magmatik otilishi 2023 yil iyun oyida kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda lava va zaharli gazlar chiqarilgan. Eng vayronkor otilishi esa 1841 yil fevral oyida sodir bo‘lgan: lava oqimi butun shaharni ko‘mib yuborgan va 1200 nafar inson halok bo‘lgan.

Filippin Tinch okeani bo‘ylab cho‘zilgan vulqonlar kamari “Olov halqasi”da joylashgan bo‘lib, bu hududda vulqon otilishlari va zilzilalar tez-tez sodir bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda 710 ming yil davomida so‘ngan deb hisoblangan Taftan vulqoni faollashgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Filippin vulqon Mayon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing