Filippinda yangi mehmonxona ishchilar ustiga quladi
Olam
−
24 may 3480 2 daqiqa
Filippindagi Anxeles shahrida qurilayotgan to‘qqiz qavatli mehmonxona binosi qulab tushdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Shahar ma’muriyati vakili Jei Pelayoning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan kamida ikki kishi bilan aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan.
“Ular doimiy aloqada. Qutqaruvchilarimiz omon qolganlarni vayronalar ostidan chiqarish uchun bor kuchini sarflamoqda”, degan u.
Voqea mahalliy vaqt bilan soat 03:00 atrofida Balibago hududidagi Teodoro ko‘chasida sodir bo‘lgan. Bino mehmonxona yoki apart-otel sifatida qurilayotgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 24 kishi qutqarib olingan, qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q. Hozir qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan odamlarni qidirishda davom etmoqda,
Dastlab mahalliy hokimiyatlar vayronalar ostida 30–40 kishi bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Bu ma’lumotlar qurilish brigadasi ustasining hikoyasidan keyin paydo bo‘lgan – u o‘zi va yana o‘n nafar ishchi bino qulashidan oldin chiqib ketishga ulgurganini aytgan. Keyinchalik shahar muhandisi qurilishda 19 kishi ishlagan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan. Hozir rasmiylar ichkarida nechta odam bo‘lganini aniqlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniyaning janubi-sharqida mahalliy poyezd ustiga kran tushib ketgandi. Hodisa Mursiya mintaqasidagi port shahri Kartaxena yaqinida sodir bo‘lgan. Mintaqa favqulodda xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, voqea oqibatida to‘rt nafar kishi yengil tan jarohati olgan.
Live
Barchasi