Filippinda parom 350 dan ortiq odam bilan cho‘kib ketdi. O‘nlab qurbonlar bor (video)

Olam

image

Filippinda bortida 350 dan ortiq odam bo‘lgan parom cho‘kib ketdi. Ularning yuzdan ortig‘i bedarak yo‘qolgan. Bu haqda CNN xabar berdi.

Rasmiylarning ma’lum qilishicha, sohil qo‘riqlash xizmati suvdan kamida 215 nafar tirik qolganlarni va 15 nafar halok bo‘lganlarning jasadini olib chiqqan.

Parom halokatining sababi hozircha aniqlanmagan, ayni paytda tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Qayd etilishicha, hodisa sodir bo‘lgan kuni ob-havo yaxshi bo‘lgan, parom ortiqcha yuklanmagan. Taxminlarga ko‘ra, fojia texnik nosozliklar sabab yuz bergan bo‘lishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yuk-yo‘lovchi M/V Trisha Kerstin 3 paromi orollar o‘rtasida qatnovchi bo‘lib, u Zamboanga port shahridan Sulu provinsiyasidagi janubiy Xolo oroliga yo‘l olgan. Kema bortida 332 nafar yo‘lovchi va 27 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Sohil qo‘riqlash xizmati vakillarining bildirishicha, kema ehtimol texnik muammolarga duch kelgan va shundan so‘ng cho‘kib ketgan.

“Associated Press” nashrining ta’kidlashicha, Filippin arxipelagida dengiz hodisalari tez-tez sodir bo‘ladi. Bunga tez-tez kuzatiladigan bo‘ronlar, kemalarning yomon texnik holati, ortiqcha yuklanishi hamda, ayniqsa, olislashgan provinsiyalarda xavfsizlik qoidalariga barqaror rioya etilmasligi sabab bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Taylandning Pxuket orolida o‘zbekistonlik sayyohlar ishtirokida yirik dengiz halokati yuz bergandi. 11 yanvar kuni Koravich Marine 888 tezyurar sayr kateri baliqchi trauleri bilan to‘qnashib, jiddiy shikastlangan va ag‘darilib, cho‘kib ketgan. Fojia oqibatida 18 yoshli Rossiya fuqarosi Yelizaveta Starix vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Filippin parom M/V Trisha Kerstin 3

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing