FIFA JCH o‘yin oldi tadbirlariga o‘zgartirish kiritdi

Sport

image

FIFA 2026 yilgi Jahon chempionati uchrashuvlari oldidan o‘tkaziladigan marosimlar uchun yangi va o‘ziga xos konsepsiyani taqdim etdi. Bu haqda Xalqaro futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, ushbu tashabbus futbolchilar va muxlislar o‘rtasidagi aloqani yanada mustahkamlash, shu bilan birga turnirning eng kutilgan lahzalarini yanada ta’sirchan qilishga qaratilgan.

Yangi o‘yinoldi marosimi muxlislar va jamoalar ishtirokida yaratilgan bo‘lib, FIFA Jahon chempionati–2026 rasmiy albomi qo‘shiqlari asosida tayyorlangan. Konsepsiya stadionni umumiy sahnaga aylantiruvchi 360 darajali tajribani taqdim etadi. Muxlislar qayerda o‘tirishidan qat’i nazar, har biri marosimni o‘ziga xos nuqtadan kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.

Tomoshabinlarni jarayonga faol jalb etish maqsadida ulkan davlat bayroqlari va maydondagi maxsus elementlar joylashtiriladi. Yoshlar dasturi ishtirokchilari hamrohligida futbolchilar maydonga tunnelga eng yaqin tomondan o‘rnatilgan maxsus arka orqali chiqib keladi.

Marosim davomida markaziy doirada katta banner, qo‘lda ko‘tariladigan davlat bayroqlari va maydon bo‘ylab FIFA ramzlari namoyish etiladi. Uchrashuv qaydnomasiga kiritilgan har bir futbolchi diqqat markazida bo‘ladi va davlat madhiyalari yangrashi vaqtida markaziy doira atrofida jamlanadi. Bu nafaqat asosiy tarkib, balki har bir futbolchiga ham o‘z mamlakatini futbolning eng yirik sahnasida himoya qilayotganidan faxrlanish imkonini beradi.

“Jahon chempionati rivojlanib borar ekan, biz ham futbolni tomosha qilish tajribasini yangilashda davom etamiz. Davlat madhiyalari ijro etilayotganda barcha futbolchilar va hakamlarning markaziy doirada bir-biriga qarama-qarshi turishi jamoalar va stadiondagi barcha insonlar uchun birlik, g‘urur va hayajon lahzasini yaratadi. Jahon chempionati har bir futbolchi va har bir muxlis uchun o‘tkaziladi va yangi marosim aynan shu g‘oyani aks ettiradi”, deydi FIFA prezidenti Janni Infantino.

Madhiyalardan so‘ng an’anaviy o‘yinoldi tadbirlari – jamoalarning qo‘l berib ko‘rishishi va boshlang‘ich tarkiblarning umumiy fotosuratga tushishi bo‘lib o‘tadi. Shundan keyin jamoa sardorlari tanga tashlash marosimida ishtirok etadi.

Turnirning keyingi bosqichlarida marosim yanada tomoshabop tus oladi. Unga rangli tutunlar va pirotexnik namoyishlar kabi qo‘shimcha elementlar qo‘shilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati Janni Infantino FIFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing