FIFA “Venger ofsaydi”ni testdan o‘tkazishni boshlaydi

Sport

image

FIFA “Venger ofsaydi” deb nomlanuvchi yangi tizimni, shuningdek, murabbiylarning hakam qarori bo‘yicha so‘rov yuborish tizimini rasman sinovdan o‘tkazishini e’lon qildi. Bu haqda tashkilot bayonotida ma’lum qilingan.

Qayd etilishicha, sinovlar 4 aprelda boshlanadigan Kanada Premer-ligasining yangi mavsumida yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu qaror avvalroq Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi (IFAB) yig‘ilishida ma’qullangan.

“Bu muhim pilot loyiha hisoblanadi. Yangi qoidani professional musobaqalarda tekshirish orqali biz uning o‘yinga ta’sirini, jumladan, tushunarlilik va dinamikaning yaxshilanishini, shuningdek, hujumkor futbolni rag‘batlantirishdagi rolini yaxshiroq baholay olamiz”, deydi FIFA’ning futbolni global rivojlantirish bo‘limi rahbari Arsen Venger.

Taklifga ko‘ra, agar gol urish mumkin bo‘lgan tana a’zosining, hatto bir qismi oxirgi himoyachi bilan bir chiziqda yoki uning ortida bo‘lsa, ofsayd qayd etilmaydi. O‘yinchi faqat uning butun tanasi raqib darvozasiga yaqinroq bo‘lgan taqdirdagina “o‘yindan tashqari” holatda hisoblanadi.

Bundan tashqari, yangi tizim murabbiylarga cheklangan miqdordagi muhim vaziyatlar – gollar, penaltilar va to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochkalar bo‘yicha videotakrorlarni qayta ko‘rib chiqishni so‘rash imkoniyatini beradi.


Maqola muallifi

Teglar

FIFA Venger ofsaydi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing