FIFA Turkiya va Suriyadagi zilzila qurbonlariga 1 million dollar ajratdi
Sport
−
18 fevral 2023 4110 1 daqiqa
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Turkiya va Suriyadagi zilziladan jabr ko‘rganlar uchun 1 million dollar ajratdi. Bu haqda tashkilot o‘z rasmiy saytida xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, FIFA ajratgan mablag‘lar zaruriy yordam vositalarini sotib olish, tarqatish va jabrlanganlarni vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlash uchun ishlatiladi.
“FIFA jamg‘armasi Turkiya va Suriyadagi 40 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan va sovuqda ko‘plab odamlarni boshpanasiz qoldirgan zilzilalar munosabati bilan 1 million dollarlik favqulodda gumanitar yordam ko‘rsatadi. Turkiya futbol assotsiatsiyasi (TFA) va Suriya futbol assotsiatsiyasi (SFA), xalqaro va mahalliy nohukumat tashkilotlari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng, mablag‘ni zaruriy tovarlarni xarid qilish va tarqatish ishlari uchun yo‘naltiradi”, deyiladi FIFA xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi Turkiya va Suriyada bo‘lgan zilzilalardan zarar ko‘rganlarga yordam berish uchun UNICEF'ga 50000 funt sterling (60315 dollar) xayriya qilgandi.