FIFA Rossiyadagi xorijlik futbolchilarga maxsus transfer oynasi ochadi
Sport
−
08 mart 2022 5177 2 daqiqa
Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Federatsiyasi (FIFA) Rossiyaning Ukrainaga hujumi sababli Rossiya premer ligasida o‘ynashni istamaydigan barcha xorijlik futbolchilarga mamlakatni tark etishiga ruxsat beradi.
FIFA kecha, 7 mart oqshomida rus klublarida to‘p tepadigan xorijlik futbolchilar uchun 10 martdan mavsum oxirigacha maxsus transfer oynasi ochayotganini e’lon qilgan. Bu legionerlarga Rossiya jamoalarini muammosiz va tovon pulisiz tark etish imkonini beradi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ba’zi futbolchilar allaqachon Rossiyani tark etib bo‘lishgan. Aksariyat legionerlar esa rus klublaridan ketish niyatida ekanligini bildirmoqda. Sababi, chet ellik o‘yinchilar tajovuzkor mamlakatda o‘ynashni xohlamaydi. Shuningdek, urush boshlangandan beri ko‘pchilik nufuzli sport tashkilotlari qatorida FIFA hamda UEFA ham Rossiya terma jamoalari va klublarini barcha xalqaro musobaqalardan chetlatdi. Bu esa xorijlik futbolchilar rus klublarida qoladigan bo‘lsa, yirik musobaqalarda ishtirok etolmasligini bildiradi.
Rossiya sportiga kiritilgan cheklovlar
Rus qo‘shinlari Ukrainaga kirgach, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (XDF) Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni tashkilot faxriy prezidenti va elchisi maqomidan mahrum qildi.
Polsha, Chexiya va Shvetsiya futbol terma jamoasi Jahon chempionatiga saralash doirasida Rossiya bilan o‘yinga borishdan bosh tortdi.
Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) 2022 yilgi Yevropa Chempionlar ligasi finali Sankt-Peterburg shahridan Parijga ko‘chirilganini ma’lum qildi.
FIFA hamda UEFA Rossiya terma jamoalari va klublarini barcha futbol musobaqalaridan chiqarib tashladi.
Xalqaro basketbol federatsiyasi rossiyalik basketbolchilar va rasmiy shaxslarni tashkilot shafeligidagi barcha musobaqalarda ishtirok etishdan chetlashtirdi.
Dunyodagi eng yirik sport kiyimlari kompaniyasi “Adidas” Rossiya futbol jamoalari bilan hamkorlikni to‘xtatganini ma’lum qildi. Shuningdek, Germaniyaning "Shalke 04" klubi va UEFA'ning o‘zi ham Rossiyaning "Gazprom" transmilliy kompaniyasi bilan hamkorlikni to‘xtatdi.
Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi (IPC) rossiyalik va belaruslik atletlarni Pekin-2022 Paralimpiya o‘yinlaridan chetlatdi.
Shuningdek, 2023 yilda Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan Maxsus Olimpiada o‘yinlari bekor qilindi.
Ma’ruf Abdumalikov
Live
Barchasi