FIFA rahbariyati favqulodda yig‘ilishdan so‘ng Infantinoni oqladi
Sport
−
10:32 802 2 daqiqa
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Rabot shahrida bo‘lib o‘tgan Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishidan so‘ng Infantinoni qo‘llab-quvvatlovchi rasmiy bayonot e’lon qildi. Bu haqda tashkilotning rasmiy sahifalarida xabar berildi.
Yig‘ilishda FIFA prezidenti Janni Infantino bilan bog‘liq vaziyat, jumladan, Jahon chempionati huquqlarini sotish haqidagi taklif yuzasidan ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda FIFA bosh kotibi va ishtirok etgan Ijroiya qo‘mitasi a’zolari Janni Infantinoni to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi hamda uning rahbarligidagi ma’muriyatning 2026 yilgi FIFA Jahon chempionatini muvaffaqiyatli tashkil etishga qo‘shgan hissasini alohida ta’kidlashdi.
“Marokashning Rabot shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng, FIFA bosh kotibi va Ijroiya qo‘mitasi a’zolari prezident Janni Infantinoni to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini yana bir bor tasdiqladilar hamda ma’muriyatning 2026 yilgi FIFA Jahon chempionatini muvaffaqiyatli tashkil etishdagi muhim hissasini e’tirof etdilar. Yig‘ilishda shuningdek, FIFA Forward Enterprise (FFE) loyihasi ham muhokama qilindi. Taklifni tayyorlash jarayonida xatolarga yo‘l qo‘yilgani tan olindi. FIFA Kengashi va a’zo assotsiatsiyalar jarayondan chetlatilgandek his qilmasligi uchun uni boshqacha tarzda tashkil etish zarurligi haqida kelishuvga erishildi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalariga ma’lumotlar tarqalishi ortidan ham qator xatolar sodir bo‘lgani ta’kidlandi. Yuqorida qayd etilgan taklif qaytarib olindi va endi u ko‘rib chiqilmaydi. FIFA o‘zining yaxlitligiga qarshi qaratilgan har qanday harakatlarga toqat qilmaydi”, deyiladi tashkilotning rasmiy bayonotida.
Ma’lumot uchun, Janni Infantino 2016 yilning fevralidan buyon FIFA prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. U bunga qadar UEFA tizimida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Infantino FIFA’ning tijoriy va tashkiliy aktivlarini xususiy investorlarga sotish orqali o‘n millionlab funt sterling daromad keltirishi mumkin bo‘lgan rejani ishlab chiqayotgani, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga yaqin shaxslar bilan muzokaralar olib borilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bu tashabbus bir qator futbol tashkilotlari va sport arboblari tomonidan tanqid qilindi.
Live
Barchasi