FIFA Osiyo jamoasini xalqaro musobaqalardan chetlatdi
Sport
−
26 iyun 11442 2 daqiqa
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Nepal futbol assotsiatsiyasi (ANFA)ni xalqaro musobaqalarda ishtirok etish huquqidan mahrum qildi. Shu tariqa Nepal milliy terma jamoasi hamda mamlakat klublariga xalqaro turnirlarda qatnashish taqiqlandi. Bu haqda “The Himalayan Times” nashri xabar berdi.
Qaror FIFA bosh kotibi Mattias Grafstryomning ANFA prezidenti Kiran Rayga yo‘llagan rasmiy maktubida bayon etilgan. Unda Nepal Milliy sport kengashi (NSC) tomonidan assotsiatsiya nizomining qo‘pol ravishda buzilgani, saylov jarayoni bo‘yicha hal etilmagan nizo hamda uchinchi tomonning saylovlarga aralashuvi asosiy sabab sifatida ko‘rsatilgan.
Chetlatish tufayli ANFA FIFA a’zosi sifatidagi barcha huquqlaridan mahrum bo‘ladi. Shuningdek, assotsiatsiya va uning vakillari FIFA hamda Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC)ning rivojlanish dasturlari, kurslari va o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok eta olmaydi.
FIFA Nepal futbol assotsiatsiyasini qayta tiklash uchun ikki shartni belgiladi. Birinchisi – Milliy sport kengashining 25 mart kuni qabul qilingan qarorini to‘liq va hech qanday shartsiz bekor qilish. O‘shanda ANFA ijroiya qo‘mitasi sport kengashi roziligisiz saylov o‘tkazgani va xalqaro qoidalarni milliy qonunchilikdan ustun qo‘ygani uchun uch oyga faoliyatidan chetlatilgan edi.
Ikkinchi shart esa, ANFAga o‘z nizomiga muvofiq boshlangan saylov jarayonini to‘liq yakunlash imkoniyatini berishdan iborat.
Osiyo futbol konfederatsiyasiga ham yuborilgan maktubda ushbu taqiq “keyingi rasmiy xabarga qadar” amal qilishi ta’kidlangan. FIFA o‘zining barcha a’zo assotsiatsiyalarini ham mazkur qaror haqida xabardor qilgan.
Live
Barchasi