FIFA Misr murabbiyi va ikki vakilini diskvalifikatsiya qildi
Sport
−
17:03 498 1 daqiqa
FIFA Intizom qo‘mitasi Misr terma jamoasi bosh murabbiyi Hussam Hasan, uning ukasi va jamoa menejeri Ibrohim Hasan hamda yarim himoyachi Mustafo Zikoni Jahon chempionatida Argentinaga qarshi o‘yindan keyingi xatti-harakatlari uchun diskvalifikatsiya qildi. Bu haqda Misr futbol assotsiatsiyasi (EFA) xabar berdi.
Joriy yilning 7 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatining 1/8 final uchrashuvida Misr terma jamoasi Argentinaga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Misrliklar 79-daqiqaga qadar ikki gol farqi bilan oldinda borayotgan edi.
58-daqiqada bosh hakam Fransua Letekse VAR tizimi orqali vaziyatni qayta ko‘rib chiqqach, Marvan Atiyaning golini bekor qilgan. Hakam goldan oldin qoida buzilganini qayd etgan. Qo‘shimcha vaqtda esa Misr terma jamoasi murabbiylar shtabi a’zosi Safan El-Sag‘irga qizil kartochka ko‘rsatgan.
Uchrashuvdan keyin Hussam Hasan hakamlikni “qasddan qilingan korrupsiya” deb atagan. Mustafo Ziko esa hakam Misrga qarshi qaror chiqarish uchun maydonga tushgandek taassurot qoldirganini bildirgan.
FIFA qarorga ko‘ra, Ziko beshta o‘yinga, Hussam Hasan va Ibrohim Hasan esa uchtadan o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan.
Misr futbol assotsiatsiyasi FIFA Intizom qo‘mitasidan qarorlarning batafsil sabablari va huquqiy asoslarini taqdim etishni so‘ragan. Assotsiatsiya bu hujjatlarni o‘rganib chiqqach, amaldagi qoidalarga muvofiq apellyatsiya berish masalasini ko‘rib chiqishini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi