FIFA Falastin futbolini rivojlantirish uchun katta pul ajratadi

Sport

image

FIFA urushdan jiddiy zarar ko‘rgan G‘azoni tiklash jarayoniga hissa qo‘shish maqsadida 70 million dollardan ortiq mablag‘ ajratishini e’lon qildi. Bu haqda FIFA prezidenti Janni Infantino Donald Tramp tashabbusi bilan Vashingtonda o‘tkazilgan “Tinchlik kengashi”ning ilk yig‘ilishida ma’lum qildi.

Loyiha FIFA va “Tinchlik kengashi” o‘rtasidagi qo‘shma tashabbus bo‘lib, G‘azo hududida futbol infratuzilmasini tiklash va rivojlantirishni nazarda tutadi. Rejaga ko‘ra, Isroil va Hamas o‘rtasidagi urush oqibatida vayron bo‘lgan hududlarda qator sport inshootlari barpo etiladi.

Taklif etilayotgan investitsiyalar:

  • 50 ta mini-maydon – 2,5 million AQSH dollari
  • 5 ta to‘liq o‘lchamli stadion maydoni – 5 million AQSH dollari
  • FIFA akademiyasi – 15 million AQSH dollari
  • 20–25 ming o‘rinli milliy stadion – 50 million AQSH dollari

Yig‘ilish davomida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan videorolik namoyish etildi. Unda G‘azo vayronalari o‘rnida zamonaviy futbol maydonlari va inshootlari qad rostlayotgani tasvirlangan.

FIFA va “Tinchlik kengashi” vakillariga ko‘ra, tashabbusning maqsadi – “futbolni tinchlik, qadr-qimmat va umidga eltuvchi ko‘prikka aylantirish” hamda hududda to‘liq futbol ekotizimini shakllantirishdir.

Ma’lum qilinishicha, mini-maydonlar qurilishi dastlabki bosqich bo‘lib, 3–6 oy ichida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 20 ming o‘rinli milliy stadion esa 18–36 oy muddatda barpo etilishi ko‘zda tutilgan. FIFA ushbu stadion “milliy o‘zlikni mustahkamlovchi” va “jamoatchilik birdamligining tayanchi” bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Shuningdek, tashkilot yoshlar, havaskorlar va mintaqaviy darajalarda futbol ligalarini yo‘lga qo‘yishda ham ko‘mak berishini bildirdi.

“Bunga barchamiz hissa qo‘shishimiz kerak. Biz faqat uylar, maktablar, kasalxonalar yoki yo‘llarni qayta tiklash bilangina cheklanmasligimiz lozim. Odamlarning his-tuyg‘ulari, umidi va ishonchini ham qayta tiklash zarur. Futbol aynan shu haqida”, deydi Infantino.

Donald Tramp esa FIFA loyihani qo‘llab-quvvatlash maqsadida “dunyoning eng mashhur futbol yulduzlarini G‘azoga yuborishini” ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Vashingtonda o‘tkazilgan “Tinchlik kengashi”ning ilk yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.


Maqola muallifi

Teglar

FIFA G'azo “Tinchlik kengashi”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing