Fevral oyida ob-havo qanday bo‘ladi?

Jamiyat

image

Fevral oyi yanvar oyiga nisbatan o‘rtacha 2-3 darajaga, tog‘larda 1-1,5 darajaga iliqroq bo‘ladi. Bu haqda O‘zgidromet ogohlantirish bilan chiqdi.

Ammo qish oylarining ob-havosi bir xillikka moyil emas va turli yillarda O‘zbekistonda fevral oylari har xil bo‘ladi.

Fevral oyida bahoriy iliq ob-havo tez-tez kuzatilgan davrlarda tabiat uyg‘onib, bodom, o‘rik, olxo‘ri va olchaning ertapishar navlari gullashi boshlanadi.

O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun fevral oyidagi maksimal haroratning mutlaq rekordlari 24-29 daraja iliqni, janubda ba’zi joylarda 30-32 daraja iliqni tashkil etadi. Respublika hududining katta qismida bu rekordlar 2016 va 2021 yillarda o‘rnatilgan edi.

Ushbu asrda 2004, 2016 va 2021 yillarning fevral oylari eng issiq bo‘lib, o‘rtacha oylik harorat iqlim me’yoridan 3-6 darajaga yuqoridir. Bu yillarda, eng issiq davrlarda, havo harorati 22-27 daraja iliqqacha, janubda 28-30 daraja iliqqacha ko‘tarildi, bu bahor fasining o‘rtalariga xosdir.

Ammo eng iliq yillarda ham fevral hali ham qish oyi ekanligini unutmaydi. Ko‘pincha havoni jadal isishidan so‘ng qisqa muddatga qishki sovuqlar qaytadi. Shunday qilib, 2021 yilning fevral oyida anomal iliq ob-havodan so‘ng (me’yordan 8-13 darajaga yuqori), oyning oxirgi haftasida havo harorati 10-15 daraja sovuqqacha pasaygan edi.

2014 yilning fevral oyi eng sovuq bo‘lib, bunda o‘rtacha oylik harorat me’yordan 4-8 darajaga past bo‘lishi kuzatilgan. Respublika hududining katta qismida minimal havo harorati 17-22 daraja sovuqqacha, shimolda 25-30 daraja sovuqqacha pasaygan. Respublikaning ko‘pchilik hududlarida XXI asrdagi barcha fevral oylari uchun bu eng past harorat bo‘ldi.

Biroq, 2014 yilning fevral oyidagi sovuqlar kuzatuvlarning tarixiy qatori uchun minimal havo haroratining mutlaq rekordilariga nisbatan kuchsiz bo‘lib, hududning katta qismida harorat 22-27 daraja sovuqqacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 32 daraja sovuqqacha, Ustyurtda 38-40 daraja sovuqqacha pasaygan.

Faqat Surxondaryo viloyati bo‘yicha minimal havo haroratining mutlaq rekordi ushbu asrga tegishlidir. 2014 yil fevral oyida harorat 20-22 darja sovuqqacha pasaygan edi.


Maqola muallifi

Teglar

ob-havo O'zgidromet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing