Fermerlar Parijni mingta traktor bilan qamal qilmoqchi

Olam

image

Fransiyalik fermerlar agar hukumat tugunli dermatit kasalligi avj olgani sababli chorva mollarini majburiy so‘yishni to‘xtatmasa va Yevroittifoqning MERCOSUR (Janubiy Amerika davlatlarining iqtisodiy-siyosiy integratsiya bloki) mamlakatlari bilan savdo kelishuvi imzolanishiga to‘sqinlik qilmasa, Parijni mingta traktor bilan qamal qilish bilan tahdid qildi. Bu haqda “Qishloq xo‘jaligini muvofiqlashtirish” ( Coordination Rurale) kasaba uyushmasining mahalliy bo‘linmalaridan biriga rahbarlik qiluvchi Joze Peres bayonot berdi.

“Rojdestvo yaqinlashmoqda va menimcha, uni oilalarimiz va bolalarimiz bilan o‘tkazishimiz kerak. Tayyorgarlik ko‘ring, biroz dam oling. Agar hech narsa o‘zgarmasa, aksiyalarni qayta boshlaymiz. Bitta qo‘ng‘iroqning o‘zi yetarli bo‘ladi va biz Parijda mingta traktor bilan yig‘ilamiz”, deydi Peres.

Peres agar 2026 yil 5 yanvargacha hukumat siyosatida o‘zgarish bo‘lmasa, “Parijni o‘rab olish” g‘oyasini ham tilga olgan.

Ma’lumot uchun, so‘nggi bir necha kundan buyon fransiyalik fermerlar mamlakatning janubi-g‘arbida avtomobil yo‘llarini to‘sib, tugunli dermatit kasalligi sababli hayvonlarning so‘yilishiga qarshi norozilik bildirmoqda. Bu yuqumli kasallik bo‘lib, isitma, teriosti to‘qimalari va boshqa a’zolarning shishishi bilan kechadi. U odamlar uchun xavfli emas, biroq qoramol uchun o‘ta xavfli va ko‘pincha o‘limga olib keladi.

Shuningdek, agrarlar MERCOSUR mamlakatlari bilan erkin savdo to‘g‘risidagi bitimga ham qarshi chiqmoqda. Avvalroq Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Yevrokengash sammiti yakunlariga ko‘ra, mazkur kelishuvni imzolash kamida yanvar oyigacha kechiktirilganini ma’lum qilgan.

2024 yilda ham Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida MERCOSUR bilan erkin savdo kelishuviga qarshi fermerlarning ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Ular sanitariya va ekologik talablari nisbatan yumshoq bo‘lgan mamlakatlardan arzon import tovarlari Yevropa bozorini to‘ldirib yuborishidan xavotirda. Allaqachon qiyin ahvolda bo‘lgan yevropalik fermerlar ushbu kelishuv Lotin Amerikasi fermerlari bilan “adolatsiz raqobat” tufayli Yevropa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosining yanada kamayishiga olib kelishidan qo‘rqmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gretsiyada butun mamlakat bo‘ylab e’lon qilingan umumiy ish tashlash paromlarning portda qolib ketishiga va poytaxt bo‘ylab jamoat transporti faoliyatining izdan chiqishiga sabab bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Parij traktor Fermer qamal

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing