Fermerlar kengashi yuristi: “Prezidentning gapidan so‘ng, ayrim hokimlar havolanib ketdi”
Intervyu
−
25 fevral 2020
14548O‘zbekistonda fermerlar manfaatlarining qonuniy himoyasi yetarlicha ta’minlanyaptimi? Bunda qanday kamchiliklar mavjud? Qishloq xo‘jaligidagi huquqiy kamchiliklar nimalardan iborat? Ushbu masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huquqshunosi Chorixon Qodirov bilan suhbat olib bordik.
“Andijondagi uch fermer”
— Ko‘p yillik huquqshunos sifatida hozirgi davrda yuz berayotgan tendensiyalarga qanday baho berasiz? Fermerlarning ko‘p da’volari tuman, apellyatsiya instansiyalari darajasida e’tiborga olinmayotgani, faqatgina Oliy suddagina bu da’volar qanoatlantirilayotganiga qanday baho berish mumkin?
— Masala Oliy sudga yetib kelguniga qadar ayrim sudlarga – tuman ma’muriy sudlariga, iqtisodiy sudlarga bosim o‘tkazilishi bilan adolatsiz qaror qabul qilinishi hollari uchramoqda. Bularga shaxsan o‘zim ham guvoh bo‘lib turibman. Amaliyotda ko‘rib ham turibmiz. Masalan, Andijon viloyati, Andijon tumanidagi 3ta fermer xo‘jaligini – “Sherzodbek oltin dalalari”, “Abduqahhor vorislari”, “Jo‘rabek” fermer xo‘jaliklari yer ijara shartnomalarini tuman hokimlari tomonidan noqonuniy ravishda bekor qilingan. Buni viloyat fermerlar kengashi tomonidan haqiqiy emas deya da’vo ariza kiritilgan. Bu ochiqdan-ochiq tuman hokimi qilgan ishlari ro‘y-rost isbotlab berilgan. Lekin tuman ma’muriy sudi ko‘ra-bila turib tuman hokimiga yon berib shikoyat arizasini rad qilgan. Apellyatsiya sudiga ham bosimlar bo‘lgan. Uch fermer ishi Oliy sudga kelib adolatli qaror chiqarilgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Oliy suddagi adolatli qarorni tuman ma’muriy sudlari ham qabul qilishi mumkin edi-ku. Nimaga qabul qila olmayapti? Chunki tuman hokimlari bosimi bor. Hattoki, apellyatsiya sudlarida ham tuman hokimlarining iltimoslarini inobatga olyapti. Sudyalar bu bosimlar ta’sirida adolatsiz qarorlar qabul qilyapti.
— Tajribamizdan ma’lumki, hattoki sud qarori bo‘lsa ham, fermerni huquqini tiklash bo‘yicha qarorlar ijro etilmagan hollar mavjud. Qonunlar ijrosini ta’minlaydigan prokurorlar hokimlarning qo‘l ostidagi xodimlarga o‘xshab qolmoqda. Ular qonuniylikni ta’minlaydigan shaxs aslida. Bu masalaga nima deysiz?
— To‘g‘ri aytdingiz. Qachondir menga o‘xshagan odam jamoatchilik nomidan adolatli gap gapirishi kerak. Prokuratura organida tizim o‘z joyida turibdi. Tizim yaxshi, adolatli tashkil qilingan. Lekin tizimning ichida kamchiliklar juda ko‘p.
Muxtaram Prezidentimiz tomonidan “tuman hokimlariga kim teginsa, o‘zim shaxsan javobgarlikka tortdiraman”, degan gaplaridan ayrim hokimlar havolanib ketdi. Hokimlarning ayrimlari bu vakolatni o‘ta suiste’mol qilib yubordi. Prokurorni ham xuddi o‘zining yugurdagidek ko‘rib, o‘zining oldiga chaqirib olish hollari ko‘payib ketdi. Bunday bo‘lmaydi. Aslida, tuman prokurori qonunchilikning aniq va bir xilda bajarilishini nazorat qiladi. Ayrim hokimlar o‘zlariga cheksiz vakolatlar olib yubordi. Lekin ularga bu vakolatlar qonun bilan belgilab berilgan emas.
Prokurorni dalaga chaqirib olish, istaganidek tanqid qilish yoki ko‘pchilik oldida uyaltirish mumkin emas. Ijtimoiy tarmoqlardan eshitib turamiz. Ba’zi hokimlar prokuror, joylardagi Ichki ishlar boshlig‘i, hatto, sudyaga ham bosim o‘tkazishini ham ko‘rish mumkin. “Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi”.
Prezidentimiz “hokimlarga teginganlarni javobgarlikka torttiraman”, deganda, adolatli hokimlar haqida gapirganini tushunish kerak. Prezident adolatli hokimni himoya qiladi. “Men hokimman, mening orqamda Prezident turgan ekan” deb bildirilgan ishonchni suiste’mol qilmaslik kerak. O‘rtada qonun bor. Prezident adolatli hokimga teginishlariga yo‘l qo‘ymaydi. Ayrim hokimlar huquqiy savodxonligi yo‘qligi uchun yuqoridagi ishlarni qilyapti.
Masalan, kuni kecha Sirdaryo viloyatidagi ishda tuman hokimining sudlarga bosimi sezilib qoldi. Biz buni sezganimizdan so‘ng, Oliy sudga e’tiroz yozib berdik. Boshqa viloyatga olishini so‘radik. Hokimlar tomonidan ochiqdan-ochiq qonunbuzarliklar ko‘rinib turibdi. Bunga esa prokurorlar qo‘l qovushtirib o‘tiribdi.
— O‘zingizga ma’lumki, o‘tgan yili ko‘plab fermerlar uchun noxush xabardek kelgan qaror qabul qilindi. “14-sonli qaror” deya nomlangan maqbullashtirish bo‘yicha qaror qanchalik darajada joylarda ta’minlandi?
— 2019 yil 9 yanvarda 14-sonli qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilindi. Aslida bu qaror eksperiment tariqasida qabul qilindi. Chunki, bu talablar qonunda yo‘q edi. Maqbullashtirish vaqtida mas’ullar tomonidan qonunni orqa tomonga surib qo‘yib, biryoqlamalikka berilib ketib, juda ko‘plab qonunbuzilish hollariga yo‘l qo‘yildi.
— Ya’ni, sallani desa kallani olib kelishdi...
— O‘tgan yili fermerlar xo‘jaliklari tomonidan Fermerlar kengashiga kelib tushgan arizalarning 90 foizi maqbullashtirish bo‘yicha qarorning ijrosini ta’minlash bo‘yicha edi. Chunki hokimlar tomonidan maqbullashtirish jarayonida ko‘plab shoshmashosharlik bilan va sifatsiz qarorlar qabul qilindi. Shu sababli, noroziliklar kuchayib ketdi.
Hokimlar avvalo Yer kodeksiga e’tibor qaratmadi. Yer kodeksining 36-moddasiga ko‘ra, fermerning ixtiyoriga bilan yeri olinmay, ko‘p hollarda fermerning ixtiyoriga zid ravishda olib qo‘yildi. Yerdan samarali foydalanmaganlik hollari ham aniqlanmasdan turib boshqaga ijaraga berib yuborishlar bo‘ldi.
Yuqoridagi holatlar sabab, to‘xtovsiz murojaatlar kelib tushdi. 2019 yilda Vazirlar Mahkamasiga ham, Ombudsmanga, Xalq qabulxonalariga tushgan agrar sohadagi murojaatlarning deyarli 90 foizi shu qaror ijrosi bo‘yicha bo‘ldi.
Bu masalada quyi sudlarda adolatsiz qaror qabul qilinadi. To oliy sudga kelguniga qadar hokimlar qarorlari himoya qilinmoqda. Qonunchilik quyi tizimlarda tanazzulga yuz tutib ketmoqda.
— Mamlakatda go‘sht taqsil. Buni narxlardan bilsa bo‘ladi. Lekin chorvachilikka e’tibor baribir yaxshi emas. Hatto, chet eldan zotdor qoramol olib kelgan fermerlarga hosildorligi past, yomon joylardan yer berilganining guvohi bo‘ldik. Sizningcha, bu sohaga e’tibor qanchalik yaxshi?
— Ko‘rib turibsizki, ijtimoiy tarmoqlarda hech kimni hech kim ayamayapti. Xorijdan zotdor, nasldor qoramollarni olib kelayotgan fermerlarga arziydigan darajadagi hosildor yer berilmayapti. Germaniya, Ukraina va turli davlatlardan tadbirkorlar olib kelyapti. Maqsad go‘shtni yaxshi yetishtiraylik. Bozor arzon bo‘lishi uchun. Shunday vaqtda tuman hokimlari e’tibor berishi kerak.
Tadbirkor chetdan chorva olib keldimi, demak unga hosildorligi baland yerlardan ajratish kerak. Hozirgi kunda ayrim fermerlar norozi bo‘lmoqda. Ularga past bonitetli yerlardan berishmoqda. Agar fermerga ozuqa zaxira yetishtirish uchun hosildor yer berilsa, jonini berib ishlaydi.
Aytish joizki, Oliy Majlisda Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tuzilgan ishchi guruhda men ham borman. Yer kodeksiga, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga, “Yaylovlar to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritlyapti. Prezidentimizning 5747-sonli qaroridan kelib chiqib qonun loyihasi ishlab chiqilyapti. O‘zgarishlarga asosan, endi yerlarni ikkilamchi ijaraga berishge ruxsat berilishi ko‘zda tutilmoqda. Agar Oliy Majlisda qonunga kiritilayotgan bu o‘zgartish va qo‘shimchalar muhokama qilinib, tasdiqdan o‘tsa, hosildor yerlarda ozuqa zaxirasini yaratish mumkin. Bu go‘shtni yetishtirishda samara beradi.
— Bu go‘shtning narxiga ta’sir qilishi mumkinmi?
— Albatta, ta’sir qiladi. Agar men ikkilamchi ijaraga 20-30 gektar yer olsam va bunda ozuqa yemi yaratsam go‘shtni ko‘paytiraman-ku. Menda yem ko‘p bo‘lsa, go‘shtni ko‘paytiraman. Go‘sht ko‘p bo‘lsa, bozorda ham narx arzonlashadi. Go‘sht qanchalik kam bo‘lsa, bozorda narx ko‘tariladi. Qanchalik ko‘p bo‘lsa, raqobat paydo bo‘ladi. O‘z-o‘zidan bu narxga ham ta’sir o‘tkazadi.
LiveBarchasi