Fazliddin G‘oyibnazarov jiddiy raqib – Rajab Bo‘tayev
Sport
−
03 noyabr 2023
3244Yarim o‘rta vazn toifasida rossiyalik bokschi, sobiq WBA yo‘nalishi chempioni Rajab Bo‘tayev o‘zbekistonlik Fazliddin G‘oyibnazarov bilan bo‘ladigan jangi oldidan o‘z fikrini bildirdi.
“Ha, qaytishim ko‘p vaqtni oldi, deyarli bir yil ringga chiqmadim. Avvaliga sog‘lig‘im bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi, davolandim. Keyin sanksiyalar tufayli jang qila olmadim. To‘g‘risini aytsam, qo‘lqoplarimni mixga ilib qo‘yish haqida ham o‘yladim, lekin kattalar bilan maslahatlashib, yana chempion bo‘lishga qaror qildim. Nihoyat, Rossiyada ringga chiqayotganimdan, oilam mening jangimni jonli ko‘rishi mumkinligidan xursandman. Ha, Fazliddin jiddiy raqib. Olimpiada chempioni unvoni ko‘p narsani anglatadi, lekin mening maqsadim ikki karra jahon chempioni bo‘lish va bu yo‘lda qarshimda kim turishi muhim emas", deydi Bo‘tayev.
Ma’lumot uchun, bokschilar o‘rtasidagi jang 6 noyabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida tashkil etiladigan professional boks oqshomi doirasida bo‘lib o‘tadi. 32 yoshli Fazliddin G‘oyibnazarov profboksda 11 g‘alaba (6 nokaut) va 1 mag‘lubiyat qayd etgan. 2022 yilning 2 dekabr kuni “Humo Arena”da yana bir o‘zbekistonlik bokschi Jamshid Karimovni ochkolar hisobiga ko‘ra mag‘lubiyatga uchratgandi. Bu uning hozircha so‘nggi jangi bo‘lib turibdi.
Ta’kidlash joiz, Fazliddin Bo‘tayevga qarshi jang o‘tkazadigan uchinchi o‘zbek bokschisi bo‘ladi. Unga qadar Rajab 2017 yilda Sherzodbek Olimjonov va Bahrombek Fayozovni muddatidan avval mag‘lubiyatga uchratgandi.
LiveBarchasi