Farzandlarimiz dengizni ko‘rmay o‘tib ketadi – Aziza Umarova MAKning po‘stagini qoqdi

Jamiyat

image

“O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi o‘tgan yillar davomida qancha tanqidlarni eshitdi. Qancha rahbarlarni qo‘ldan o‘tkazdi: Valeriy Kim, Ulug‘bek Ro‘ziqulov va nihoyat Baxtiyor Hakimov... Ammo hech narsa o‘zgarmadi. Yomg‘irda tomidan suv o‘tadigan yangi terminal qurildi demasa... “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK samolyotlarida uchganingizda bortdan tushish oldidan yangraydigan bir jumla kishining ensasini qotiradi. “Bizning xizmatlarimizdan foydalanganingiz uchun rahmat!”. Monopoliya qilib, egallab olganingizdan keyin yana kimning xizmatidan foydanaylik? Boshqa tanlovga imkon bormi? 

Shu kunlarda “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga nisbatan tanqidlar yana avjiga chiqqan. Smartgov Consulting byurosi ijrochi direktori, jamoatchilikka ijtimoiy tarmoqlardagi postlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan tadbirkor Aziza Umarova ham Facebook’dagi sahifasida “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning po‘stagini qoqqan. “Monopoliya: Va yana Havo yo‘llari” nomli post qoldirgan Umarova. Unda shunday deyiladi:

“Ta’tilda dam oluvchilarning asosiy qismi Turkiyaga boradi. Novokuznetskdagi oddiy ishchidan tortib, Chita—Chimkent—Cherkass yo‘nalishidagi biznes egalarigacha. Ataylab poytaxt nomlari va eksklyuziv haqida gapirmayapman. Antaliyadagi kurortlarning aksariyat qismi farzandlarini olib, har yili bemalol dam olgani chiqib keta oladigan oddiy shaharlar aholisi bilan to‘la.

Bizda esa aksincha. Oddiy odamlar ta’tilda xorijga ucha olmaydi, chunki monopol-aviatashuvchi O‘zbekistonga raqobatchi qo‘ymaydi. Bizda charter reyslar, loukosterlar va mahalliy muqobil aviakompaniyalar yo‘q. (Xohlovchilar juda ko‘p). Buning o‘rniga har yoz mavsumida maftunkor “Havo yo‘llari”miz Antaliyaga amalda oshiradigan standart reysini “charter” deb atab, unga chiptalarni Istanbulgacha bo‘lgan reys qiymatida sotadi. Joylar esa doim aniq bir turfirma orqali bron qilinadi. Tanish-a?

“Havo yo‘llari”ning “charter”i bu — ochiqchasiga tafakkurni almashtirish. Chimkent, Moskva, Chelyabinskda “Havo yo‘llari”ning “cherter”i narxiga (kamida 650 AQSH dollari) nafaqat dengizgacha chipta, balki bir haftaga “all inclusive” putyovkasini ham qo‘lga kiritasiz. Charter chiptalari standart 150-220 dollar turadi. Juda arzon. Shu sababli Turkiyada dam olish Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina aholisi uchun eng ommabop va hamyonbop dam olish maskani, bizda esa – hamon hashamat. O‘zbek turfirmalari o‘tgan safar o‘zlari charter reyslarni yo‘lga qo‘yishni taklif etgandi, biroq ular qat’iy rad javobini oldi. Faqat “O‘zbekiston havo yo‘llari” uchadi.

Andijon, Buxoro, Nukus, Qo‘qonda yashaydigan bolalarimizni Turkiyaning siyqasi chiqqan 3 yulduzli mehmonxonasiga olib borish ushalmas orzuligicha qolmoqda…

Aholining 95 foizi hayoti davomida dengizni ko‘rmay o‘tadi. Bunga kimdir o‘z hamyoni uchun ishlashni to‘xtatib, sog‘lom raqobatga ega aviatsiya bozorini qurish qiyinlik qilayotgani sabab bo‘lmoqda”. 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston havo yo'llari Aziza Umarova

Baholaganlar

260

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing