“Farg‘onalik kelinlar” yeb bitirgan neftni qayta ishlash zavodi 61 yoshda

Tahlil

image
Prezident Surg‘il neft-gaz loyihasida bir qiz 80 million dollar pora olganini aytdi. U Karimova emasmi? north_east

Prezident Surg‘il neft-gaz loyihasida bir qiz 80 million dollar pora olganini aytdi. U Karimova emasmi?


Mirziyoyev ta’biri bilan Farg‘onalik kelinlar dabdala qilgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi 61 yoshni qarshiladi. 

Sobiq sovet ittifoqining eng gullagan va quloch yozgan davrida, 1959 yil 27 yanvar kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi tashkil etilgan.  Shu kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida birinchi bor neftni birlamchi qayta ishlash ELOU AVT-1 turdagi texnologik qurilmasi ishga tushirilgan. 

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi neft va gaz kondensatini qayta ishlashni barcha texnologik jarayonlarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, neft xom ashyosini qayta ishlashni chuqurlashtirish, xom ashyo resurslaridan oqilona foydalangan holda sifatli neft mahsulotlarini olish, atrof-muhitga, yani ekologiyaga zarar keltirmasdan chiqindisiz ishlab chiqarish yo‘llarini qo‘llash jarayonlarini o‘z ichiga oladi. 

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ayni vaqtda 49 ta texnologik qurilmalar mavjud, shuningdek, korxona tarmog‘ida “Oltiariq yoqilg‘i ishlab chiqarish” korxonasi faoliyat olib bormoqda. 

Hozirgi kunda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha quvvati 6 million 450 ming tonnani tashkil etadi. Zavodda 70 xildan ziyod neft mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Bular turli rusumdagi avtomobil benzinlari, kerosin yoqilg‘ilari, dizel yoqilg‘ilari, surkov moylari, neft bitumlari, neft koksi, parafinlar, mazut, suyultirilgan gaz va boshqalar.

Neftni qayta ishlashni chuqurlashtirish ko‘rsatkichi asosan ikkilamchi qayta ishlash jarayonlariga bog‘liq bo‘lib, Farg‘ona NQIZda bunday jarayonlarga benzinni riforminglash jarayoni, moylarni gidrotozalash jarayoni, dizel yoqilg‘isini gidrotozalash jarayoni va sekin kokslanish jarayonlari kiradi. Hozirgi kunda Farg‘ona NQIZda neftni qayta ishlash jarayonini chuqurlik darajasi 89-90 % tashkil qiladi. 


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 12 noyabrdagi 397-sonli “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini qayta ta’mirlanishi to‘g‘risidagi” qaroriga asosan zavodda jahon standartlari talablariga javob beradigan yuqori sifatli neft mahsulotlari ishlab chiqarish, mehnat muhofazasi hamda atrof-muhit muhofazasini yaxshilash maqsadida, umumiy qiymati 178 mln. AQSH dollarini tashkil etgan loyiha asosida rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Rekonstruksiya Yaponiya davlatining “Mitsui” va “Toyo Injiniring” kompaniyalari bilan hamkorlikda olib borildi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 1 million 700 ming tonna bo‘lgan, dizel yoqilg‘isini gidrotozalash (GDS) yangi texnologik qurilmasi qurib bitkazildi va 1999 yil avgust oyida qurilma ishga tushirildi. Ushbu qurilmani ishga qo‘yish natijasida jahon standartlari talablari darajasida yuqori sifatli dizel yoqilg‘isi xamda oliy navli qadoqlangan oltingugurt ishlab chiqarishga erishildi.

Zavodda keng qamrovli rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi natijasida eski qurilmalar qayta qurilib, yangi qurilmalar bunyodga keldi. Ishlab chiqarish texnologiyasida tub burilish yasaldi, neft mahsulotlari sifatini yaxshilash bilan ularning turlari ko‘paydi va jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Bugun kunda dunyoning 20 dan ortiq davlatlarga zavod mahsulotlari eksport qilinmoqda.

Moy mahsulotlari sifatini va ishlab chiqarish miqdorini oshirish hamda tovar mahsulotlari assortimentini ko‘paytirish maqsadida 2000 yili ELOU-AVT-2,3 turdagi neftni birlamchi qayta ishlash texnologik qurilmalarining vakum bloklarida, jismonan va ma’nan eskirgan texnologik jihozlari o‘rniga zamonaviy texnologik jihoz va uskunalar hamda yangi vakuum hosil qilish tizimlari o‘rnatildi. 

Ishlab chiqarish uzluksizligini hamda atrof-muhitni muhofazasini ta’minlash maqsadida 1996 yilda yangi, zamonaviy neft va neft mahsulotlarini quyish va to‘kish estakadasi qurilib, ishga tushirildi.

Zavod mutaxassislari kuchi bilan modernizatsiya va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish Dasturi asosida, 2006 yilda yillik ishlab chiqarish quvvati 150 ming tonna bo‘lgan gazlarni fraksiyalarga ajratish texnologik qurilmasi ishga tushirildi. Natijada suyultirilgan maishiy propan-butan gazlari ishlab chiqarishga erishildi. Bundan tashqari ushbu qurilmada 2012 yilda ekstraksiya bloki qurilib, ishga qo‘yildi va yiliga 2,0 ming tonna import o‘rnini bosuvchi 95-98% konsentratsiyali texnik toluol ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.

Chet el investorlarni jalb qilish yo‘li bilan “UZ-PRISTA” va “FARMOY” qo‘shma korxonalarini tashkil qilindi. Bu bilan Respublikani yuqori sifatli moy mahsulotlari bilan ta’minlash hamda dunyo bozoriga chiqish imkoniyati yaratildi.

Zavodda ISO 9001 sifat menedjmenti, OHSAS 18001 mehnat muhofazasi, ISO 14001 ekologiya menedjmenti va ISO 50001 energomenedjment halqaro standartlari tadbiq etilib, hozirgi kunda ixtisoslashgan tizimi ishlab chiqildi va joriy qilindi. 

Tizimda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bugungi kunda o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.

Avtomobil transportiga nisbatan ekologik qonunchilik talablarining oshganligi sababli, “Farg‘ona NQIZ”MCHJda Yevro 4 va 5 standartiga javob beradigan dizel yoqilg‘isi hamda avtomobil benzinlarini ishlab chiqarish masalasi ko‘tarildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil iyun oyida Farg‘ona viloyatiga amalga oshirgan tashrifi vaqtida viloyat faollari bilan yig‘ilish o‘tkazgan va viloyatdagi neftni qayta ishlash zavodini keskin tanqid qilgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yashin tezligida tarqalgan bir yarim daqiqalik audioyozuvda Shavkat Mirziyoyev Bosh vazirlik vaqtida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi faoliyatiga arashala olmaganini aytgan.

“27 yilda Farg‘onada bitta yangi korxona paydo bo‘lgani yo‘q. O‘sha eski FNPZni shunday tagi bilan metallolomga tashlasak, bizga foyda bo‘ladi. Bunda chiqayotgan mahsulot bir tiyinga qimmat. Agar bu zo‘r ishlaganda... bu mahsulotni o‘sha oldingi bu yerdagi, kechirasizlaru qo‘pol bo‘lsayam, kalamushlar egallab olmaganda edi... Bu zavodni dabdala qilib ketgan o‘sha FARG‘ONALIK KELINLAR. (!) Qo‘pol bo‘lsayam. Hammalaring tushunyapsizlar kim to‘g‘risida aytganimni.

Men o‘zimga so‘z berganman, bir og‘iz ham buyuk insonlarga nom keltirmaslikka. Nimaga desangiz, Sharof Rashidovichning hayoti men uchun juda katta o‘rnak bo‘lgan. O‘zimizni o‘zimiz ko‘mganmiz bir paytlar. Men bundan yiroqman, hech qachon bu narsa bo‘lmaydi. Lekin u kalamushlar qilgan Farg‘onani. Egallagan, hamma narsani dabdala qilgan. Buyam haqiqat! Shu Farg‘ona FNPZni ham ular egallagan edi. Men Bosh vazir bo‘lib aralashmaganman. Aralashganimda bu yerda o‘tira olmasdim. Xiyonat qilgan xalqqa nisbatan ular hammasi bir bo‘lib. To‘da bo‘lib, to‘da bo‘lib xiyonat qilgan. Bironta deputat ham, bironta... aytolmasdik. Nimaga desangiz, aytish mumkin emasdi. Uniyam bugun aytishim kerak. Birovga yoqadimi, yoqmaydimi vijdonimning oldida tozaman. To‘da o‘g‘irlagan Farg‘ona viloyatini. Kim to‘g‘risida aytganimni men hammalaring bilasizlar. U zamon tugadi endi”.

Prezident bir necha bor kim haqida gapirayotganini bilishlarini aytgan bo‘lsa ham, gap kim to‘g‘risida borayotganini aniq ochiqlamagandi.

Mirziyoyev nimaga sha’ma qilgandi. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi kimga tegishli edi? Nega o‘sha vaqtlar hech kim miq etmagan? Boisi nima? Kishida bu kabi savollar tug‘ilishi tabiiy.

Ma’lumotlarga ko‘ra, zavod bir mahallar Tatyana Karimovaning jiyani Akbar Abdullayevga tegishli bo‘lgan. Akbar Abdullayev Tatyana Karimovaning opasi Tamara Sobirovaning o‘g‘li. 

O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga ochilgan jinoyat ishidan keyin 2013 yilning oktyabr oyida uning jiyani Akbar Abdullayevga nisbatan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan Akbar Abdullayevga 164- “Davlat mulkini talon-taroj qilish” hamda 184- “Soliqlardan bosh tortish” moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan edi. Mazkur jinoyat ishiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi, poraxo‘rlik aybi ham ilova kiritilgan. 

Abdullayevga qarshi jinoyat ishi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi tekshiruvlardan so‘ng boshlangan.

2012 yil yozida zavodning deyarli butun rahbariyati hibsga olingan.

Ularning ko‘rsatmalari asosida Akbar Abdullayev ham hibsga olinib, keyinroq qo‘yib yuborilgan. Xalqaro OAV qayd etishicha, Abdullayevning faoliyati bevosita va bilvosita Gulnora Karimovaning qanoti ostida bo‘lgan. 

Davlat rahbari joriy yil 21 fevral kuni neft-gaz va kimyo sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini investorlarning ishonchli boshqaruviga berish vazifasini qo‘ygan edi. Shunga muvofiq 10 aprelda “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Mazkur modernizatsiya jarayoni Indoneziyaning “RT Trans Asia Resources” xorijiy kompaniyasi bilan hamkorlikda uch bosqichda amalga oshiriladi. Kompaniyaning sohada katta tajribasi, jahon bozorida o‘z o‘rni bor. Bu zavodni xomashyo bilan barqaror ta’minlash, uni jahon standartlari asosida qayta ishlab, ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berishga xizmat qiladi. Kelgusida yetakchi xalqaro kompaniyalardan iborat bo‘lgan konsorsium tashkil etish rejalashtirilgan.

Kelishuvga asosan, zavodga joriy yilning o‘zida kamida 300 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etiladi. Bu mablag‘ evaziga ikki oy davomida hozirda ishlamay turgan 11 qurilmaning 7 tasidan foydalanish tiklanadi. Buning natijasida 7 ming 100 ta ish joylari saqlab qolinadi, 450 kishi o‘z ish o‘rinlariga qaytadi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini uch bosqichda modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Litsenziya egalari safiga AQSHning Honeywell UOP, Fransiyaning Axens, Daniyaning Haldor Topsoe va dunyodagi neftni qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi boshqa yetakchi kompaniyalar kiradi.

Loyihani amalga oshirish uchun sarmoyador tomonidan GS kompaniyasi (Janubiy Koreya) mutaxassislari jalb qilinib, ular zavodni texnik ko‘rikdan o‘tkazdi. To‘plangan ma’lumotlardan korxonani modernizatsiya qilish loyihasini ishlab chiqishda foydalaniladi.


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona neftni qayta ishlash zavodi Farg'onalik kelinlar

Baholaganlar

196

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing