Farg‘onaga uchgan samolyot nega Turkmanistonga qo‘ngani aytildi
Olam
−
02 fevral 15113 2 daqiqa
Avvalroq, Madinadan Farg‘onaga uchayotgan Centrum-Air aviakompaniyasi samolyoti Turkmanistonga shoshilinch qo‘ngani haqida xabar bergan edik. Ushbu favqulodda qo‘nishga samolyot dvigatelida moy sizib chiqishi sabab bo‘lgan. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Aviakompaniya bergan ma’lumotga ko‘ra, qo‘nish amalga oshirilgan kuni – 1 fevral sanasida C6-3336 reysidagi A321neo samolyoti Turkmaniston havo hududi uzra uchib o‘tayotganida uning dvigatelidan moy sizib chiqa boshlagan. Parvozlarni ishlatish bo‘yicha qo‘llanmaga muvofiq havo kemasi kapitani samolyotni eng yaqin masofada qo‘ndirishga qaror qilgan va samolyot Marv shahridagi muqobil aeroportga yo‘naltirilgan.
Samolyot qo‘nishi bilanoq yo‘lovchilarni belgilangan manzilga jo‘natish uchun Farg‘onadan 1200 km dan uzoq masofada joylashgan Marv shahriga zaxira reys yetib kelgan. Aviakompaniya nosozlik bartaraf etilgani va samolyot yaqin kunlardagi parvozlar uchun tayyorligini ma’lum qildi.
“Dvigateldagi moy sizib chiqishi bartaraf etildi va samolyot tez orada yo‘lovchilarsiz Toshkentga texnik parvozni amalga oshiradi”, deya qo‘shimcha qildi matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, 15 yanvar kuni Buxoro-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotgan O‘zbekiston havo yo‘llari milliy aviakompaniyasining A-320 samolyoti manziliga yaqinlashayotganda dvigatelida nosozlik yuzaga kelgandi. O‘shanda ekipaj komandiri qo‘nishga ustuvorlik berishni so‘ragan va Vnukovo aerodromida ko‘k rangli ogohlantirish e’lon qilingan.
Live
Barchasi